Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman faoliyati ilmiy jihatdan kuchaytiriladi: Vakil huzurida Ilmiy-maslahat kengashi tuzildi
Maʼlumki, inson huquqlari himoyasiga oid yechimini kutayotgan muammolar aynan murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha kundalik amaliyotda, monitoring tashriflari va o‘rganishlarida yuzaga chiqadi. Ushbu holatlarni chuqur ilmiy tahlil qilish va xorijiy davlatlar tajribalarini o‘rgangan holda qonunchilik takliflarini ishlab chiqish Ombudsman faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biridir.

Har jihatdan pishiq, puxta tayyorlangan qonunlarda hayotiy va xalqchil tamoyillar ustuvor ahamiyat kasb etsa, uni amaliyotga tatbiq qilish ham samarali kechadi. Shu nuqtai nazardan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (ombudsmanga) inson huquqlari va erkinliklari sohasida ilmiy asoslangan maslahat va tavsiyalar berish, davlat organlari va idoralari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qilishda har tomonlama ko‘maklashish maqsadida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzurida Ilmiy-maslahat kengashi tuzildi.

Kengash tarkibiga inson huquqlari sohasida katta amaliy tajriba, zaruriy bilim va ko‘nikmalarga ega professor-o‘qituvchilar, olimlar va ekspertlar kiritildi.

Ilmiy-maslahat kengashi aʼzolari Vakilning inson huquqlarini himoya qilishni taʼminlash sohasidagi konseptual hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etish bilan birga uning O‘zbekistonning sohaga oid qonunchiligini takomillashtirish va ularni xalqaro huquq normalariga muvofiqlashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlashda, amaldagi qonun hujjatlarini va qonun hujjatlari loyihalarini inson huquqlarini himoya qilish maqsadlariga muvofiqligini aniqlash maqsadida mustaqil ekspertizadan o‘tkazish, mamlakatimizda inson huquqlariga rioya qilish holatini tahlil qilish, sohaga oid muammolar, shu jumladan, Ombudsmanga kelib tushgan murojaatlarda qayd etilgan muammolar bo‘yicha tahliliy maʼlumotlar tayyorlash, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining parlament nazoratini amalga oshirishga doir tadbirlarida ko‘rib chiqilayotgan masalalar yuzasidan materiallar taqdim etish va boshqa vazifalarini amalga oshirishida Ombudsmanga ko‘maklashishadi.

  Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati