Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman boshchiligida penitensiar muassasalariga o‘tkaziladigan monitoring tashriflarini rejalashtirish va o‘tkazish metodologiyasi
2023 yilning 25-26 dekabr kunlari Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm doirasida penitensiar muassasalariga monitoring tashriflarini rejalashtirish va o‘tkazish metodologiyasi” mavzusida seminar o‘tkazildi.

Seminarda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) xodimlari, Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari hamda Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari aʼzolari ishtirok etishdi.

Tadbirda qayd etilishicha, O‘zbekiston qiynoqlarning oldini olish hamda uning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish bo‘yicha o‘zining qatʼiy pozitsiyasiga ega. 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi doirasida 2019 yilda Ombudsman huzurida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm yo‘lga qo‘yildi. “Ombudsman plyus” modeli asosida tuzilgan MPM doirasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili boshchiligida uning hududlardagi mintaqaviy vakillari hamda Ombudsman huzuridagi jamoatchilik guruhlari aʼzolari va OAV ishtirokida muntazam ravishda penitensiar muassasalarga monitoring tashriflari o‘tkazib kelinmoqda. Monitoringlarda muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash sharoitlari, oziq-ovqat bilan taʼminlanishi, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati, mehnat sharoitlari va ularga bo‘lgan munosabat o‘rganiladi.

Ushbu seminarga BMT tizimida aynan qiynoq holatlarini aniqlash va bartaraf etish yo‘nalishida ko‘p yillik tajribaga ega xalqaro ekspert Viktor Zaxariya jalb qilindi. 2 kunlik seminar davomida ishtirokchilar maʼlumot to‘plash, sharoitlarni standartlarga muvofiqligini baholash, mahkumlar (mahbuslar) va xodimlar bilan suhbatlar o‘tkazish va shikoyatlarni ko‘rib chiqish va o‘rganish hamda boshqa mavzularda bilim va ko‘nikmalarini mustahkamladilar.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati