Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya: huquqlarimizning mustahkam kafolati
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan “Inson huquqlari bo‘yicha Milliy institutlarning konstitutsiyaviy huquqiy asoslari” mavzusida konferensiya o‘tkazildi.

Quyi palatasi deputatlari, Parlament tadqiqotlari instituti, Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman), Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy sud, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Advokatlar palatasi, Toshkent Davlat yuridik universitet talabalari hamda OAV vakillari ishtirok etgan tadbirda yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Milliy institutlarning huquqiy asoslari, ularga yaratilayotgan imkoniyat va vazifalar haqida so‘z yuritildi.

Taʼkidlanganidek, Bosh qomusimiz O‘zbekistonda Milliy institutlar rivojida ham alohida o‘rin tutadi. Xususan, Konstitutsiyaning 56-moddasida “inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllari hamda vositalarini to‘ldiradi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga va inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga ko‘maklashadi. Davlat inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratadi”, deb belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, Qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari maqbullashtirildi va qonunchilikka taklif kiritish instituti joriy etildi. Yaʼni, Konstitutsiyaning 98-moddasiga muvofiq, Ombudsmanga qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish vakolati berildi.

Bu o‘z navbatida, Ombudsmanning fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilgan masalalarni tahlil qilish va aniqlangan tizimli muammolarni o‘rganish asosida amaldagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish bo‘yicha faoliyatiga turtki bo‘ldi.

Konferensiyada so‘z olganlar so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, bu borada konstitutsiyaviy-huquqiy, qonunchilik, institutsional va amaliy kafolatlarni mustahkamlash bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilganligini qayd etdilar.

Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada O‘zbekiston – huquqiy davlat, deb belgilangani, jumladan, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadi ekanligi, inson huquqlariga oid konstitutsiyaviy normalar soni 3 baravardan ortiqqa oshgani eʼtirof etildi.

Mamlakatimizda xalqchil davlat qurish yo‘lida amalga oshirayotgan islohotlar mustahkam konstitutsiyaviy-huquqiy zaminga, eng muhimi, xalqimiz irodasi va manfaatlariga tayanishidan dalolat ekanligi taʼkidlandi.

Yakunda talaba yoshlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, fraksiyalar, qo‘mitalar, shuningdek, kutubxona va muzey faoliyati bilan yaqindan tanishdi.