Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
BMT mustaqil ekspertlarining xabari yuzasidan
2023 yilning 9 noyabr kuni BMT rasmiy saytida “BMT ekspertlari: O‘zbekiston ozchiliklar huquqlari himoyachilarini taʼqib qilishni to‘xtatishi kerak” nomli xabar eʼlon qilindi. Unda mustaqil ekspertlar Dauletmurat Tajimuratovning ahvolidan chuqur xavotirda ekanliklari va qamoqxonada unga nisbatan tahdid, haqorat va g‘ayriinsoniy munosabatda bo‘linayotganini bildirgan.

Maʼlumki, 2022 yil 15 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashlarining qo‘shma qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan holat yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha komissiya tuzilgan. Ombudsman, deputatlar, mahalliy va xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlaridan iborat Komissiya aʼzolari 16 iyuldan  Koraqalpog‘iston Respublikasida o‘zining mustaqil o‘rganishlarini boshlagan.

Komissiya aʼzolari Xorazm viloyatining Urganch shahridagi 11-son tergov hibsxonasiga ham tashrif buyurib, u yerda saqlanayotgan shaxslar sharoitlarini o‘rgangan va Dauletmurat Tajimuratov bilan ham uchrashishgan. Uchrashuvda D.Tajimuratov unga nisbatan tergov harakatlari davomida va tergov hibsxonasida hech qanday qiynoq, bosim yoki tazyiqlar bo‘lmagani, ovqatlarning sifati va hibsxonadagi boshqa sharoitlar bo‘yicha hech qanday eʼtirozi yo‘qligini bildirgan.

Shuningdek, Tajimuratov advokat bilan taʼminlanganini va advokatining u bilan uchrashishida hech qanday qarshiliklar yo‘qligini, oila aʼzolari bilan ham qisqa muddatli uchrashuv o‘tkazilganligini hamda posilka va yo‘qlovlar olayotganini maʼlum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan holat yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha komissiya faoliyati, jumladan Urganch shahridagi 11-son tergov hibsxonasida saqlanayotgan D.Tajimuratov va boshqalarning holati haqidagi xabarlar Komissiyaning telegram, facebook  va twitter ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalari va ombudsman.uz sayti orqali o‘zbek, qoraqalpoq, rus, ingliz tillarida muntazam yoritib borilgan.

Maʼlumot uchun: Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va uning huzuridagi jamoatchilik guruhi vakillari yopiq muassasalarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari davomida D.Tajimuratov bilan 2023 yilning 6 may kuni u Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi 1-son Tergov hibsxonasida saqlanganganda va 9 sentyabr kuni Navoiy viloyatidagi 11-son jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan paytida ham uchrashgan.

D.Tajimuratov sud-tergov jarayonlarida va jazo muddatini o‘tash chog‘ida o‘ziga nisbatan qiynoq yoki tazyiq o‘tkazish holatlari qo‘llanilmaganligini, faqatgina o‘ziga nisbatan chiqarilgan sud hukmidan norozi ekanligini maʼlum qilgan.

Yuqoridagi kabi masalalar yuzasidan munosabat bildirayotgan barcha mustaqil ekspertlar, xalqaro tashkilotlar va OAVdan eʼlon qilayotgan chaqiruv va postlarini tayyorlashda rasmiy maʼlumotlar va asoslantirilgan faktlarga tayanishlarini so‘raymiz.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati

Yangiliklar kategoriyalari