Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish va targ‘ib etish
 2023 yilning 8-9 noyabr kunlari Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish va targ‘ib etish” mavzusida seminar o‘tkazildi.

Seminarda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) xodimlari, Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda qayd etilishicha, mamlakatimizda aholini ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish, ayniqsa nogironligi bo‘lgan shaxslarga hayotda teng imkoniyat va sharoitlar yaratish muhim masalalardan sanaladi. 2020 yilning 15 oktyabr kuni Davlat rahbari tomonidan yangi tahrirdagi "Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi Qonunining imzolangani bu boradagi ishlarni yana-da jadallashtirdi. Mazkur qonun bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini taʼminlashning asosiy prinsiplari belgilab berildi, imkoniyati cheklangan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish va ularning huquqlarini kafolatlashga oid qator masalalar Qonun darajasida belgilandi. 2021 yilda esa O‘zbekiston Parlamenti tomonidan BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya ratifikatsiya qilindi.

Mazkur Konvensiya - nogironligi bo‘lgan shaxslarning tenglik asosida barcha inson huquqlarini to‘liq amalga oshirishlarini rag‘batlantirish, himoya qilish va taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. U mavjud sharoitlardan foydalanish imkoniyati, shaxsiy harakatlanish, sog‘liqni saqlash, taʼlim, bandlik, abilitatsiya va reabilitatsiya, siyosiy hayotda ishtirok etish, shuningdek tenglik va kamsitmaslik kabi bir qator muhim masalalarni qamrab oladi.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) nogironligi bo‘lgan shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish va ular huquqlarini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratadi. Ombudsmanga 2022 yilda nogironligi bo‘lgan shaxslardan 96 ta murojaat kelib tushgan, ulardan 76 tasi nazoratga olingan. Ushbu murojaatlarning aksariyati ijobiy hal qilinib, murojaatchilar huquqlari tiklangan.

Bundan tashqari, Ombudsman aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarga berilgan turar-joy binolaridagi, shuningdek, Muruvvat nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun internat uylaridagi sharoitlarni ham o‘rganib, tegishli tashkilotlarga o‘z xulosalarini kiritib boradi. Joriy yildagi o‘rganishlarda internat uyida yashab kelayotgan bir guruh nogironligi bor insonlar 20-30 yillar avval tibbiy varaqa orqali Muruvvat uyiga qabul qilingani va hozirga qadar ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari yo‘q ekani aniqlangan. Mazkur masala respublika miqyosida o‘rganilib, Ombudsman tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar manfaatida fuqarolikni belgilashni so‘rab fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga ariza kiritilgan va ularning 50 nafardan ortig‘iga ID-kartalar rasmiylashtirilishiga erishilgan.

Qolaversa, 2022 yilda Ombudsman tomonidan Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda qiynoqlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan natijadorlikka erishish, shuningdek nogironligi tufayli erkin harakatlana olmaydigan mahkumlarga (mahbuslarga) yaratilgan shart-sharoitlarni xalqaro meʼyorlarga muvofiqlashtirish yuzasidan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. Hozirda mazkur hujjat ijrosi natijasida ko‘plab penitensiar muassasalarning kirish joylariga tegishli standartga muvofiq panduslar o‘rnatilgan, kutubxonalar brayl alifbosidagi kitoblar bilan boyitilgan, yuvinish xonalarida ham maxsus sharoitlar yaratildi.

Seminarda so‘z olgan Ombudsman Feruza Eshmatova "Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi qonunning 6-moddasida nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitilishga yo‘l qo‘ymaslik tamoyili aks ettirilgani, unga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan har qanday ajratib qo‘yish, istisno etish, chetlatish, cheklash yoki afzal ko‘rish holatlari, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslarning obyektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishni rad etish taqiqlanishiga alohida urg‘u berdi. Shuningdek, bu jarayonda Ombudsman va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamkorligini kuchaytirilishi lozimligini taʼkidladi.  

O‘zaro savol-javob va qiziqarli interaktiv o‘yinlar orqali tashkil etilgan 2 kunlik seminar yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati

Yangiliklar kategoriyalari