Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Toshkent davlat yuridik universitetida "Ombudsman klubi”iga aʼzo bo‘lish istagida bo‘lgan talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi
2023 yilning 3 oktyabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va Toshkent davlat yuridik universiteti o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Mazkur uchrashuv “Ombudsman klubi”ga aʼzo bo‘lish istagida bo‘lgan talabalarni Ombudsman faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etildi.

Uchrashuvda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova talabalarga Ombudsman institutining asosiy faoliyat yo‘nalishlari bilan tanishtirdi.

Uchrashuv davomida yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlash sohasida hamkorlikni rivojlantirish, talabalarning nazariy va amaliy tayyorgarligi o‘rtasida o‘zaro aloqani taʼminlash, ularda amaliy ishda zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantirish, TDYUU talabalarini Ombudsman faoliyatiga keng jalb etish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama etildi.

Ombudsman so‘zlariga ko‘ra, 2 yil davomida “Ombudsman klubi”ga aʼzo bo‘lish istagida 120 dan ortiq arizalar kelib tushgan. Suhbat asosida talabalardan 40 nafari tanlab olinib, universitetdan olgan nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlagan. Yil yakunida eng faol ishlagan klub aʼzolarini faxriy yorliqlar bilan taqdirlash amaliyoti ham joriy etilgan. Hattoki, joriy yilda ushbu klub aʼzosi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga ishga qabul qilingan.

Tadbirda taʼkidlanishicha, “Ombudsman klubi” aʼzolari darsdan so‘ng Ombudsman instituti mutaxassislariga biriktirilgan holda murojaatlar bilan ishlash, qabullarda ishtirok etish, jazoni ijro etish muassasalariga o‘tkaziladigan monitoring tashriflarini kuzatish kabi yo‘nalishlarda o‘z ko‘nikmalarini oshirishlari mumkin.

Davra suhbati savol-javoblarga boy tarzda, erkin muloqot shaklida o‘tkazildi. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili talabalar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob berdi. Ushbu davra suhbati orqali ishtirokchilar Ombudsmanning vakolatlari va unga kelib tushayotgan murojaatlar, inson huquqlarining kafolatlanishi borasidagi xalqaro va milliy tajriba haqida ko‘plab maʼlumotlarga ega bo‘lishdi.

Shuningdek, talabalar 2022 yildan doimiy asosda ish boshlagan Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari faoliyatini o‘rganish maqsadida ular rahbarligida amaliyot o‘tash bo‘yicha ham taklif bildirishdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati