Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
MDH davlatlari tarixidagi birinchi ayol Ombudsman Sayyora Rashidova 80 yoshda
2023 yilning 2 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining katta zalida Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti direktori, akademik Sayyora Rashidova tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, kimyo fanlari doktori, professor, akademik, “Do‘stlik”, «El-yurt hurmati», «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari kabi davlat mukofotlari va ilmiy darajalari sohibasi bo‘lgan Sayyora Rashidova o‘zining sermahsul faoliyati davomida nafaqat mamlakatimizning ilm-fan taraqqiyotiga, balki unda inson huquqlarining taʼminlanishiga katta hissa qo‘shgan shaxs hisoblanadi. U 1995-2015 yillarda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) sifati faoliyat yuritgan.

Mamlakatimizda Ombudsman instituti 1995 yilda MDH hududida birinchilardan bo‘lib joriy qilingan bo‘lsa, Sayyora Rashidova MDH davlatlari tarixidagi birinchi ayol Ombudsman sifatida tarixga muhrlangan. U Ombudsman instituti huquqiy poydevorining mustahkamlanishiga katta hissa qo‘shib, uning mavqei va salohiyatini oshirishda fidoyilik va jonbozlik ko‘rsatib ishlagan.

Sayyora Sharafovna Ombudsman sifatidagi 20 yillik faoliyati davomida 100 mingdan ortiq fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqib, ularning buzilgan huquqlarini tiklanishiga ko‘maklashgan.

Sayyora Rashidova tayyorlagan shogirdlar hozirda ham Ombudsman institutida inson huquq va manfaatlarini taʼminlash yo‘nalishida faoliyat yuritishmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) jamoasi Sayyora Rashidovani 80 yillik yubiley bilan chin dildan muborakbod etadi. Mustahkam sog‘lik, ko‘ngil xotirjamligi va ulkan zafarlar doimo hamrohingiz bo‘lsin!

Ombudsman jamoasi