Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Fuqarolarning saylov huquqi va kafolatlari
Saylovlar – fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini taʼminlovchi siyosiy huquqi sanaladi. Bejiz, saylov huquqi sohasidagi tamoyillar va standartlar 1948 yildagi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida aks etmagan. Qolaversa, hozirda erkin saylov tashkil qilinishi va o‘tkazilishini taʼminlash sohasida 20 dan ortiq universal va mintaqaviy xalqaro shartnomalar amal qiladi. Umuman olganda demokratik saylovlar fuqarolik va siyosiy huquqlarning tantanasi sifatida taʼriflanadi.

Shuningdek, ushbu Deklaratsiyada xalq irodasi hukumat vakolatining asosi bo‘lishi kerakligi taʼkidlangan. Yaʼni, inson huquqlari va demokratiya chambarchas bog‘liq bo‘lib, saylovlar demokratiyaning markazida bo‘ladi.

Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro Paktda ham  saylov jarayoni xalq siyosiy irodasining ifodasi ekanligi va saylov jarayonlarida turli g‘oyalarni ifoda etish hamda ilgari surish huquqi qatʼiy himoya qilinishi kerakligi belgilangan. Aniqroq qilib aytganda, saylovchilarning so‘z va fikr erkinligi huquqlarining taʼminlanishi orqali ularga to‘liq va aniq maʼlumot olish imkoni yaratiladi.

Shu kunlarda xalq taqdirini hal etuvchi muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi oldi dunyo hamjamiyati eʼtibori O‘zbekistonga qaratilgan.

Qayd etish lozimki, Konstitutsiyamizning 128-moddasida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi”, deb belgilangan. Fuqarolarning bu huquqini to‘la ro‘yobga chiqarish uchun so‘nggi yillarda saylovga oid qonunchilikni xalqaro standartlarga mos ravishda takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Natijada xorijda vaqtincha yashab turgan mehnat muhojirlari, talabalar va boshqa yurtdoshlarimiz saylovda ishtirok etishi uchun keng sharoitlar yaratildi. Ozodlikdan mahrum etilgan mahkumlarga ovoz berish imkoniyati yaratildi. Aytish joizki, ushbu normalar baʼzi demokratik davlatlar qonunchiligida ham mavjud emas.

Xalqaro ekspertlar saylash huquqiga ega bo‘lgan va harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarni qo‘rqitilishi mumkinligi nuqtai nazaridan juda zaif elektorat segmenti deb hisoblaydi.

Shuning uchun ham Ombudsman penitensiar muassasalarga monitoring tashriflarini amalga oshirganda saylovchilarning hech qanday tazyiq va moneliksiz yashirin ovoz berish huquqlari taʼminlanishi nuqtai nazaridan saylov uchastkasining belgilangan talablarga muvofiq jihozlanganini o‘rgandi. Shuningdek, saylovchilarning tanlash, nomzodlarning esa teng targ‘ibot qilish huquqlari taʼminlanishi maqsadida monitoring jarayonida nomzodlarga, ularning ishonchli vakillariga, siyosiy partiyalarga fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali saylovoldi tashviqoti uchun teng sharoitlar yaratilishi kabi holatlar ham diqqat eʼtiborimizda bo‘ladi.

Belgilangan tartibga ko‘ra, saylash huquqiga ega mahkumlar qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi. Saylovchilarning ro‘yxatlari esa mazkur muassasalar rahbarlari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida uchastka saylov komissiyasi tomonidan tuziladi va saylovchilar yagona elektron ro‘yxatiga kiritiladi. Agarda harakatlanish erkinligi cheklangan muassasalarda mahkumning saylash huquqi bo‘la turib unda ishtirok etishiga to‘sqinlik qilish holatlari bo‘yicha murojaatlar kelib tushsa, ular darhol joyiga chiqib o‘rganiladi. 

Saylov kuni qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarining maʼmuriyati mahkumlarning saylov uchastkasiga kirib chiqishi va xavfsizligini taʼminlashi, shuningdek, ichki tartib-qoidalariga rioya etishi uchun masʼul hisoblanadi.

Qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari mazkur muassasalarning maʼmuriyati bilan birgalikda saylovchilarni saylov to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari, saylovga tayyorgarlik ko‘rish, uni o‘tkazish jarayonlari, saylov o‘tkazish vaqti va tartibi hamda nomzodlar haqida xabardor qilib boradi.

Shuningdek, nomzodlarga, ularning ishonchli vakillariga, siyosiy partiyalarga fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali saylovoldi tashviqoti uchun teng sharoitlar yaratib berilishi lozim. Shundagina mahkumlar nomzodlar tomonidan ko‘tarilayotgan tashabbuslar asosida ulardan birini tanlaydi va saylash huquqidan foydalanadi.

Saylov kodeksining 7 moddasida Yashirin ovoz berish saylovchining xohish-irodasi ustidan har qanday tarzda nazorat qilish imkoniyatini istisno etadigan tegishli sharoitlarni yaratish orqali taʼminlanishi belgilangan.

Taʼkidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksida O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolarining, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning huquq va erkinliklar  tengligi kafolatlangan.

Shuningdek, O‘zbekiston BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilgan bo‘lib, uning 29 moddasida ishtirokchi davlatlar nogironlarning siyosiy huquqlarini va boshqalar bilan teng ravishda foydalanish imkoniyatlarini kafolatlashi va nogironlar boshqalar bilan teng ravishda siyosiy va ijtimoiy hayotda bevosita yoki erkin saylangan vakillari orqali samarali va har taraflama ishtirok etishlari, shu jumladan saylash va saylanish huquqlari va imkoniyatlariga ega bo‘lishlarini, jumladan,  ovoz berish tartiblari, binolari va materiallari anglash va foydalanish uchun mos va oson bo‘lishini taʼminlash majburiyatlarini olishi belgilangan.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar saylovlarda ishtirok etish orqali nafaqat o‘z siyosiy huquqlaridan foydalanadilar, balki bu orqali o‘zlarini jamiyatning to‘laqonli aʼzosi sifatida his qiladilar.

Taraqqiy etgan demokratik huquqiy davlatlarda saylovlarning adolatli o‘tishi har bir saylovchining ovoz berish jarayonida ishtirok etishini taʼminlash borasida yaratilgan shart-sharoitlarning saylovchi-fuqarolar uchun qulayligi, kengligi hamda huquqiy asosga ega ekani bilan belgilanadi. O‘zbekiston milliy saylov qonunchiligida ham barcha saylovchilarga ovoz berish jarayonida to‘sqinliksiz ishtirok etishini taʼminlash borasida muhim qoidalar belgilangan. Ulardan biri saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berish huquqi institutidir.Qayd etish lozimki, saylovlarda muddatidan oldin ovoz berish tartibi ilg‘or xorijiy davlatlarda, xususan, Germaniya, Fransiya, Rossiya, Finlyandiya, Norvegiya, Polsha, Ruminiya va boshqa ko‘plab davlatlarda mavjud.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 57-moddasiga muvofiq, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga egadir. Muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida boshlanadi va saylovga uch kun qolganida tugallanadi.

Saylovda O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi konsullik ro‘yxatida turgan yoki turmaganligidan qatʼiy nazar xorijda istiqomat qilayotgan barcha fuqarolarimiz uchun o‘sha davlatlarda tashkil etilgan saylov uchastkasida ovoz berish imkoniyati yaratiladi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ushbu saylov jarayonlarida fuqarolarning saylash huquqini taʼminlash, ularga belgilangan tartib-taomillar asosida sharoitlar yaratish va saylovni ochiq, adolatli va albatta teng saylov huquqi asosida o‘tkazilishi muhim ahamiyatga ega. Chunki ushbu jarayonlar O‘zbekistonning jahonda tutgan o‘rni, xalqaro nufuzi va imidjiga bevosita va bilvosita taʼsir ko‘rsatadi.

Fuqarolar ham saylash huquqini amalga oshirishlari uchun davlat tomonidan yaratilayotgan sharoitlardan unumli foydalanib, o‘z huquqidan faol foydalanishi, mamlakat kelajagiga befarq bo‘lmasligi lozim.

Saylovlarda o‘z ovozingiz bilan ishtirok eting. Zero, bu Sizning Bosh qomusimizda aks etgan siyosiy huquqingizdir. 

Feruza Eshmatova,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)