Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanning Sirdaryodagi mintaqaviy vakili gulistonlik fuqarolar murojaatlarini o‘rgandi
"O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida"gi Qonunning 20 prim 2 moddasida Vakil fuqarolarning inson huquqlari va erkinliklari sohasida O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlari va xalqaro shartnomalari, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari hamda normalari to‘g‘risidagi bilimi va xabardorligini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rishi belgilangan.

Qolaversa, Davlat rahbarining 2021 yil 11 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, Ombudsmanning eng ustuvor vazifalaridan biri sifatida aholi orasida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish sohasidagi xalqaro va milliy qonunchilik normalarini targ‘ib qilish, shuningdek, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashish belgilangan.

Shu nuqtai nazardan respublika bo‘ylab aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda.

2023 yilning 26 may kuni Sirdaryo viloyati Guliston shahrida O‘zbekistonda mehnat munosabatlari, xotin-qizlar va bolalar huquqlari hamda kambag‘allikni qisqartirish masalalariga bag‘ishlangan “Ombudsman maktabi” tadbiri o‘tkazildi.

Fuqarolar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda viloyat Adliya, Oila va xotin-qizlar, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi, Kasaba uyushmasi federatsiyasi viloyat bo‘limi masʼul xodimlari, hokimiyat vakillari, Guliston shahar mahalla fuqarolar yig‘ini xotin qizlar faollari va fuqarolar ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsmanning) Sirdaryo viloyatdagi mintaqaviy vakili Shuhrat Alimov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar “inson qadri” tamoyili asosida amalga oshirilayotgani, qonunchilikka xalqimiz farovonligi oshirishga qaratilgan ko‘plab o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilayotganligini va Ombudsman jamoasi ushbu yangiliklardan aholi xabardorligini oshirishni maqsad qilganini qayd etdi.

Tadbirda Yangi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining fuqarolar mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnatini muhofaza qilishdagi ahamiyati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2023 yil 11 aprelda imzolangan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida fuqarolar xabardorligi oshirildi.

Ochiq muloqot va savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan tadbirda fuqarolarga Ombudsman faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi, harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda inson huquqlarining taʼminlanishi borasida Ombudsman boshchiligida amalga oshirilayotgan monitoring tashriflari haqida tushuntirishlar ham berildi.

“Ombudsman maktabi” tadbiri doirasida Ombudsman mintaqaviy vakiliga murojaat qilishni istagan fuqarolar arizalari qabul qilindi.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati