Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Qochqinlar bo‘yicha ikkinchi global forum 2023 yil 13-15 dekabr kunlari o‘tkaziladi
2023 yil 13 aprel kuni Qozog‘iston Respublikasining Almata shahrida Qochqinlar masalasi bo‘yicha o‘tkaziladigan Global Forumga tayyorgarlik ko‘rish doirasida mintaqalararo davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbatida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iz, Turkmaniston delegatsiyalari, shuningdek, diplomatik missiyalar, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, O‘zbekistondagi doimiy koordinator ofislari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi tarkibida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, Tashqi ishlar vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi vakillari ishtirok etishdi.

Davra suhbati davomida BMTning Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari Markaziy Osiyo boshqarmasi boshlig‘i Xans Shodder O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘onistondagi qochqinlarni Surxondaryoga olib kelish bo‘yicha ilk milliy loyihani qo‘llab-quvvatlaganligini ijobiy baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu loyiha muvaffaqiyatli yakunlandi va boshqa mamlakatlarda ham shu kabi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘ylash kerak.

Shuningdek, O‘zbekistonning afg‘on xalqiga har tomonlama yordam ko‘rsatish, shuningdek, Termiz shahridagi Gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xabi orqali Afg‘onistonga yuk tashish imkoniyatini yaratish borasidagi saʼy-harakati eʼtirof etildi.

Qochqinlar bo‘yicha ikkinchi global forum 2023 yil 13-15 dekabr kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati