Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikni mustahkamlashda Ombudsman va fuqarolik jamiyati institutlarining roli
2023 yilning 11 aprel kuni Farg‘ona viloyatida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan AQSH Kongressi huzuridagi Xalqaro Respublika Instituti (IRI) bilan hamkorlikda “Mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikni mustahkamlashda Ombudsman va fuqarolik jamiyati institutlarining roli” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Maʼlumki, Davlat rahbarining 2021 yil 3 martdagi “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori va 2021 yil 4 martdagi “2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning yangi bosqichini boshlab berdi.

Ushbu hujjatlarda mamlakatimizda erkin fuqarolik jamiyatini yana-da rivojlantirish, inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, aholining siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirish, davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida ijtimoiy sheriklik munosabatlarini hamda dolzarb masalalarni hal etishda hamkorligini kuchaytirish, respublikada barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarda nodavlat notijorat tashkilotlarining tashabbuskorligi va faolligini oshirish maqsad qilib qo‘yildi.

Mazkur davra suhbatini tashkil etishdan asosiy maqsad - davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida umumiy muloqot maydonini yaratishdan iborat.

Tadbirda so‘z olgan ishtirokchilar jahondagi demokratik davlatlar tajribasida fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash orqali ularning davlat boshqaruvidagi ishtirokini oshirish hamda jamoatchilik nazoratini olib borishdagi o‘rnini oshirishga alohida eʼtibor berilishini qayd etishdi.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati