Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
MAJBURIY MEHNATGA TO‘LIQ BARHAM BERILADI
Uzoq yillar respublikaning xalqaro imidjiga salbiy taʼsir qilib kelgan majburiy mehnatga to‘liq barham berildi.

Xususan, amaldagi Mehnat kodeksiga muvofiq mehnatga tayyorlash uchun umumtaʼlim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlarining o‘quvchilarini ularning sog‘lig‘i, xavfsizligi, to‘liq jismoniy, aqliy va maʼnaviy rivojlanishiga tahdid solmaydigan, taʼlim olish jarayonini buzmaydigan yengil ishni o‘qishdan bo‘sh vaqtida bajarishi uchun – ular o‘n besh yoshga to‘lganidan keyin ota-onasidan birining yoki ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslardan birining yozma roziligi bilan ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yiladi.

Bu borada, ayniqsa, bolalarning barkamol rivojlanishiga salbiy taʼsir qiladigan har qanday bolalar mehnati taqiqlanishi Asosiy qonunimizda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yozib qo‘yilmoqda.

Majburiy mehnatga chek qo‘yilishi har bir o‘zbekistonlikning kundalik hayotiga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi, iqtisodiyot va ijtimoiy soha rivojlanishi natijasida hayot sifati oshadi.

Bu qoidaning Konstitutsiyada alohida belgilanishi esa, siyosiy qatʼiyatdan ortga qaytilmasligini anglatadi, ushbu sohada erishilgan yutuqlarni qatʼiy mustahkamlaydi hamda bolalarning mehnatning og‘ir shakllaridan himoya qilish, ularni sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishishlari uchun muhim huquqiy kafolat bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi 2008 yilda Xalqaro mehnat tashkilotining “Bolalar mehnatining og‘ir shakllarini taqiqlash va yo‘q qilishga doir shoshilinch choralar to‘g‘risida”gi Konvensiyani (1999) ratifikatsiya qilgan.

Ushbu konvensiyaga muvofiq “bolalar mehnatining eng yomon shakllari” deganda qullik, jinsiy ekspluatatsiya, bolalarni qurolli to‘qnashuvlarda, noqonuniy faoliyatda yoki ularning sog‘lig‘iga, axloqiy va psixologik holatiga zarar yetkazadigan xavfli ishlarda ishlatish tushuniladi.

O‘zbekiston Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Jinoyat kodekslarida bunday qilmishlar uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilangan.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda majburiy mehnatni bartaraf etish ishlari o‘zining ijobiy natijasini berib ushbu saʼy-harakatlar xalqaro miqyosda eʼtirof etildi. Xalqaro reytinglardagi o‘rnimiz ancha yaxshilandi, bu esa yurtimizga ko‘plab investitsiyalar jalb qilinishiga, iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning rivojlanishiga xizmat qilyapti.

Bolalar o‘qishda, shifokor va o‘qituvchilar ishda bo‘lishlari to‘g‘ri siyosiy qaror edi. Majburiy va bolalar mehnatining man etilishi Konstitutsiyada belgilab qo‘yilishi ushbu siyosiy qaror abadiy ekanligini ko‘rsatadi.

Ayni paytda, ushbu konstitutsiyaviy norma bolalarning sog‘lig‘i, xavfsizligi, to‘liq jismoniy, aqliy va maʼnaviy rivojlanishiga tahdid solmaydigan, taʼlim olish jarayonini buzmaydigan tarzda mehnat qilishlariga to‘sqinlik qilmaydi.

Abira Huseynova

Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning  Buxoro viloyati mintaqaviy vakili

Yangiliklar kategoriyalari