Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani)ning 2022 yildagi faoliyati yakunlariga ko‘ra brifing
2022 yil mobaynida Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi jismoniy va yuridik shaxslari, bolalar hamda ular qonuniy vakillari tomonidan jami 696 ta murojaatlar qabul qilindi. Murojaatlar bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Murojaatlar Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan to‘liq nazoratga olingan. 374 ta murojaat tegishli tartibda ko‘rib chiqilgan. Jumladan:

-         64 ta murojaatlar qanoatlantirilgan;

-         310 ta murojaatlar yuzasidan huquqiy tushuntirish berilgan.

Aliment olish huquqiga doir 29 ta murojaatni o‘rganish davomida 2022 yil davomida Bosh prokuratura tomonidan 71 nafar tarbiyalanuvchilarga ota-onalaridan 389,3 mln so‘m aliment undirib berilishi taʼminlangan.

Shuningdek, murojaatlar ichida jamoaviy murojaatlar ham ko‘p uchramoqda. Jumladan Respublika bo‘yicha 500 ga yaqin og‘ir irsiy kasallik fenilketonuriya bilan og‘rigan bolalarning ota-onalari nomidan murojaat kelib tushgan. Murojaatda taʼkidlanganidek, ularning farzandlari uchun mo‘ljallangan maxsus tibbiy oziq-ovqatlar yetishmay qolayotgani farzandlarining salomatligi va hayotiga xavf tug‘dirgan.

Ota-onalar nomidan arizada keltirilgan vajlarni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va Bosh prokuratura, masʼul vazirliklar hamda idoralarga xat bilan murojaat qilinib, fenilketonuriya bilan og‘rigan bolalarga maxsus tibbiy oziq-ovqatlar yetkazib berildi va kelgusida maxsus tibbiy oziq-ovqatlar yetkazib berilishida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarni bartaraf qilish borasidagi ishlar davom ettirilmoqda.

Respublikamiz hududidagi yopiq, shaxslar o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan muassasalarda bola huquqlarini taʼminlash yuzasidan 20 ta muassasalarga monitoring tashriflari o‘tkazildi. Monitoringlar 6 ta hududda Samarqand, Qashqadaryo, Xorazm, Farg‘ona, viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tqazildi. Monitoringlar davomida 100 ga yaqin fuqarolar bilan uchrashildi. 50 ga yaqin fuqarolar bilan yakka tartibda suhbatlashildi.

Farg‘ona viloyati, Oltiariq tumanidagi 22, 39-sonli va Marg‘ilon shahridagi 16, 24-sonli Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi tarbiyalanuvchilarining ovqatdan kasallanganligi holatini Bola huquqlari bo‘yicha vakil joyiga chiqib o‘rgandi. Holat yuzasidan tayyorlangan maʼlumot Bosh prokuraturaga kiritildi.

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Farg‘ona viloyati prokuraturasi maʼlumotiga ko‘ra, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirish borasida o‘tkazilgan tekshirishlar natijasida 277 nafar shaxs maʼmuriy, 124 nafar shaxs intizomiy va 23 nafar shaxs moddiy javobgarlikka tortilib, yetkazilgan 124 mln so‘m miqdoridagi zarar ixtiyoriy qoplangan.

Bolalar ombudsmani bola huquqlarini taʼminlash borasida idoralararo ishchi guruhlari tarkibida ham faoliyat yuritmoqda. Hisobot yilida umumtaʼlim muassasalarida bolalar o‘rtasida tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi (bulling) kurashish, Misr Arab Respublikasiga diniy taʼlim olish maqsadida chiqib ketgan bolalarni vatanga qaytarish, ularni uzluksiz va izchil taʼlim olishini taʼminlash hamda bolalar tilanchiligini oldini olish bo‘yicha “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqildi va ishlar davom ettirilmoqda.

“2023-2030 yillarda O‘zbekistonda bolalarga g‘amxo‘rlik qilish tizimini noinstitutsionallashtirish strategiyasi” loyihasi ishlab chiqildi.

Bolalar institutlashgan muassasalarini bosqichma-bosqich yopish, shu bilan birga, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish hajmi ham shunga mos ravishda o‘sib borishi kerakli masalasi Strategiyasining asosiy maqsadlari sifatida belgilangan.

2021-2022 yillarda jami ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan 21 ta bolalar muassasasi faoliyati tugatildi.

Respublika bo‘yicha jami 139 ta oilaviy bolalar uylari tashkil etilgan bo‘lib, ularda 822 nafar bolalar tarbiyalanmoqda.

O‘zbekistonning bolalar va ayollarni nizoli hududlardan olib kelish va ularni jamiyatga moslashtirish bo‘yicha tajribasi xalqaro miqyosda eʼtirof etilmoqda. Ushbu tajribani o‘rganish maqsadida mamlakatimizga Qirg‘iziston, Turkmaniston, Maldiv Respublikalarining delegatsiyalari tashrif buyurdi.

Yil davomida Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston Respublikasi Bola huquqlari bo‘yicha vakillari tomonidan 15 ta murojaat qabul qilinib, barchasi ijobiy hal etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 22-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlaydi.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan chet elda ota-ona qaramog‘isiz qolib ketgan, bolalarni yurtimizga qaytarishda Ichki ishlar vazirligi bilan keng hamkorlik qilinmoqda. 2022 yil davomida Rossiya Federatsiyasidan jami 37 nafar, Qozog‘iston Respublikasidan 4, Turkiya davlatidan 2 nafar voyaga yetmaganlar jami 43 nafar bola O‘zbekistonga qaytarib olib kelingan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati

Yangiliklar kategoriyalari