Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman va yoshlar uchrashuvi: Inson huquqlari – oliy qadriyat
2023 yilning 21 fevral kuni “Inson huquqlari” haftaligi doirasidagi tadbirlar Xorazm, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida o‘tkazildi.

Xorazm viloyati Urganch shahridagi 5-son umumiy o‘rta taʼlim maktabi va Urganch davlat universitetida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya aʼzosi Xamro Bektemirov va Ombudsmanning Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili ishtirokida davra suhbatlari bo‘lib o‘tdi.

Mazkur uchrashuvda inson huquqlari sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari, jumladan, taʼlim olish, yashash va boshqa shaxsiy huquqlari haqida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, unga qanday murojaat qilish haqida ham xabardor qilindi.

Shu kuni Qarshi Davlat universitetida tashkil etilgan davra suhbatida professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etishdi.

Mazkur uchrashuvda Ombudsmanning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Murodulla Normuradov tomonidan yoshlarga oid davlat siyosati doirasida talabalarning taʼlim olish va erkin kasb tanlash huquqi, Konstitutsiya loyihasiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar hamda Ombudsmanning asosiy vazifalari haqida yoshlarga maʼlumot berildi.

Joriy yilning 21 fevral kuni Marg‘ilon shahrining “Xo‘ja Porso”, “Nurafshon”, “Istiqlol”, “Orol bo‘yi” MFYlari, O‘zbekiston  tumanining “Namuna”, “Pastkiqo‘riq”, “O‘qchi” MFYlari faollari va yoshlari uchun ham aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan tadbir tashkil etildi.

Davra suhbatida Ombudsmanning Farg‘ona viloyati mintaqaviy vakili, Yoshlar ishlari agentligi, adliya bo‘limi xodimlari, prokuror, sudyalar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar masʼullari va yoshlar ishtirok etishdi va inson huquqlari bilan bog‘liq mavzularda maʼruzalar qilindi.

Uchrashuv yakunida talaba-yoshlarning takliflari, fikr-mulohazalari tinglandi va atroflicha muhokama etildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati