Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
“Ombudsman maktabi” loyihasi doirasidagi navbatdagi tadbir aholi bandligini taʼminlash va kambag‘allikni qisqartirish borasidagi islohotlarga bag‘ishlandi
Xabaringiz bor, joriy yilda aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasiga start berilgan edi. Ushbu loyihaning birinchi o‘quv mashg‘uloti Buxoroda o‘tkazilgan.

2022 yilning 15 iyul kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsman)ning Buxoro viloyati mintaqaviy vakili Abira Xuseynova tomonidan Qorako‘l tumani “Xo‘jalar” mahalla fuqarolar yig‘inining “Madaniyat markazi”da “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasidagi navbatdagi tadbir o‘tkazildi.

Mazkur uchrashuv mamlakatimizda ijtimoiy sohada olib borilayotgan tub islohotlar, xususan aholi bandligi, kambag‘allikni qisqartirish, aholiga yaratilayotgan sharoitlar, imkoniyatlar va imtiyozlar to‘g‘risida fuqarolarning xabardorligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

"Ombudsman maktabi" tadbiriga Buxoro viloyati, Qorako‘l tumani “Xo‘jalar”, “Chekirchi”, “Do‘stlik” MFY faollari jalb etildi.

Qayd etish lozimki, Ombudsmanga yuborilayotgan fuqarolar murojaatlari tahlili aholining mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, ayollar, yoshlar, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga belgilangan huquq va imtiyozlardan bexabar ekanliklarini ko‘rsatdi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Ombudsman instituti mintaqaviy vakili tomonidan murojaatlar tumanlar kesimida tahlil qilindi va aholining huquqiy xabardorligini oshirishga zarurat bo‘lgan sohalar tanlab olindi.

Tadbirda so‘z olgan, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Buxoro viloyati mintaqaviy vakili Abira Xuseynova “Ombudsman maktabi” doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarda tegishli davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va NNT vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari jalb etilishini qayd etdi.

O‘zaro muloqotlar davomida tanlangan sohalar va masalalar bo‘yicha faoliyat yuritadigan vakolatli davlat organlariga asoslantirilgan murojaatlarni kiritish va ularni ko‘rib chiqish tartibi bo‘yicha aholining huquqiy madaniyati oshiriladi. Bu esa  fuqarolarga amaliy va manzilli yordam ko‘rsatishda davlat organi va aholi o‘rtasida konstruktiv aloqalarning o‘rnatilishiga xizmat qiladi.

Ombudsman maktablari Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili va uning hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan muntazam ravishda respublika bo‘ylab tashkil etiladi, imkon doirasida har bir mahallaga kirib, fuqarolar taklif hamda muammolari o‘rganiladi va tahlil qilinadi.

Aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan navbatdagi tadbir bandlik va kambag‘allik qisqartirish masalalariga bag‘ishlandi. Unda Buxoro viloyati bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Hamrayev hamda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i Shohrux Amonov ushbu sohada amalga oshirilgan islohotlar, aholiga yaratilgan  qulayliklar va imtiyozlar hamda a qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmuni haqida maʼlumot berdilar.

Shundan so‘ng, Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Abira Xuseynova fuqarolarga murojaatlar bilan ishlash va yopiq muassasalarga amalga oshirayotgan monitoring tashriflari haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, Ombudsman mintaqaviy vakiliga murojaat qilish usullariga ham to‘xtaldi.

O‘zaro savol javob va erkin muloqot ruhida o‘tgan tadbirda navbatdagi Ombudsman maktablarida ko‘tarilishi zarur bo‘lgan sohalar bo‘yicha ham takliflar olindi.

Tadbirda so‘z olgan “Xo‘jalar”, “Chekirchi” va “Do‘stlik” mahalla raislari ham inson huquqlarini taʼminlashda aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarning muhim ekanligiga eʼtibor qaratdilar. Shuningdek, bu kabi tadbirlarni o‘tkazishda Ombudsman instituti mintaqaviy vakilligi bilan hamkorlikda ishlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Tadbirda Qorako‘l tumani hokimi Xurshid Tohirov ishtirok etdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati