Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Bayram munosabati bilan bir guruh mahkuma ayollar rag‘batlantirildi
Joriy yilning 3 mart kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsmanning) Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Diyor Xusanov Samarqand viloyati, Pastdarg‘om tumanidagi 37-sonli jazoni ijro etish manzil-koloniyasida bo‘lib, u yerda saqlanayotgan mahkumlarning sharoitlari bilan tanishdi.

Mintaqaviy vakil dastlab mahkumlarning uzoq muddatli uchrashuvlarga kelgan oila aʼzolari bilan ham suhbatlashdi. Ular muassasadagi shart-sharoitlardan va muassasa xodimlarning muomalasidan mamnunliklarini bildirishdi. Bugungi kunda mahkumlar uchun oila aʼzolari va farzandlari bilan uzoq muddatli uchrashuvlar uchun barcha sharoitlar yaratilganligini maʼlum qilishdi.

Manzil koloniyadagi oshxona va oziq-ovqat mahsulotlari saqlanayotgan xonalar ham mintaqaviy vakil eʼtiboridan chetda qolmadi. Oshxonada ovqatlanish uchun yaxshi sharoit yaratilgani hamda oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashda belgilangan talablarga qatʼiy amal qilinayotganligi aniqlandi.

Mahkumlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish, dori-vositalari taʼminoti bilan bog‘liq kamchiliklar aniqlanmadi.

Jamoaviy suhbatdan so‘ng mintaqaviy vakil bilan yakkama-yakka tarzda uchrashishni so‘ragan mahkumlar qabul qilindi.

Bundan tashqari, manzil-koloniyada jazoni o‘tayotgan ayol mahkumalar bilan uchrashuv o‘tkazildi. 8-mart “Xalqaro xotin qizlar bayrami” kuni munosabati bilan mahkumalar tabriklandi. O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2019 yil 01 aprel kunidagi “Jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlar bilan tarbiyaviy va ijtimoiy-psixologik ishlarni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi 80-sonli buyrug‘i ijrosi yuzasidan 8-mart “Xalqaro xotin qizlar bayrami” kuni munosabati bilan yaxshi xulq-atvorli, mehnatga va taʼlimga vijdonan munosabatda bo‘lgan, tarbiyaviy tadbirlarni o‘tkazishda faol ishtirok etgan mahkumalarga nisbatan rag‘batlantirish eʼlon qilindi. 3 nafar mahkumalarning muqaddam olgan intizomiy jazo choralari muddatidan oldin rag‘batlantirish tariqasida olib tashlandi. 10 nafarga yaqin mahkumalar “Maqtov yorlig‘i” bilan taqdirlandi.

Shuningdek, muassasa kutubxonasiga 20 dona badiiy adabiyotlar berildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati

Yangiliklar kategoriyalari