Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Qonun talablari va inson huquqlari –oliy qadriyat
Inson qadri barcha narsadan ustun. Davlat rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida ushbu g‘oyaning to‘liq mujassam ekaniga guvoh bo‘ldik. Taʼlim, sog‘liqni saqlash, elektr energiya, gaz, sud-huquq, xullas aholini qiynab kelayotgan masalalarning barchasi ushbu Murojaatnomadan o‘rin oldi. Ahamiyatlisi, muammolar aniq ko‘rsatildi, takliflar ham aniq ilgari surildi.
Qayd etish lozimki, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga yuborilayotgan murojaatlarning 15 foizdan ortiq qismi sud-huquq masalalariga oid.

Davlat rahbari, eng avvalo, odamlarimizning joylarda sudma-sud sarson bo‘lib yurishlariga barham berilishi, buning uchun adolatli hukm va qaror chiqarish bo‘yicha viloyat sudlarining vakolati ham, masʼuliyati ham oshirilishini qayd etdi. Bu borada, albatta sudyalarning ish yuklamalari oshadi, ularning ish bilan batafsil tanishib chiqishlari uchun yetarlicha vaqt ajratilishi ham muhim.

Tergov jarayoniga kelsak, bu borada ham yurtboshimiz aniq yechimlarni ko‘rsatib o‘tdi. Tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiyani prokurordan sudga o‘tkazilishi, fuqarolarning shaxsiy huquqlarini va mulkiy daxlsizligini taʼminlanishiga xizmat qiladi. Haqiqatdan ham u tadbirkor bo‘ladimi yoki oddiy fuqaro mulk daxlsizligi himoyalanganini his qilishi zarur.

Mamlakat Prezidentining “Tergov shaxsni ayblash uchun emas, jinoyatni fosh etish orqali haqiqatni aniqlash uchun ishlashi kerak”- degan  qatʼiy fikrlari bu sohada adolatni o‘rnatishga yordam beradi.

Shu bilan birga, Murojaatnomada inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish borasida so‘z borar ekan, oxirgi paytlarda ayrim vaqtincha ushlab turish joylarida inson huquqlari buzilishi bo‘yicha og‘riqli masalalar ko‘tarilayotganiga to‘xtalib o‘tildi.

Ombudsman respublika bo‘ylab harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga jamoatchilik guruhlari bilan birgalikda amalga oshirgan monitoring tashriflarida asosiy eʼtiborni ushbu muassasalardagi sharoitlarning inson huquqlarini taʼminlash bo‘yicha xalqaro standartlarga muvofiqligini o‘rganishga qaratadi.

Qayd etish joizki, Ombudsman, uning hududlardagi Mintaqaviy vakillari va Ombudsman huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 300 dan ortiq monitoring tashriflari amalga oshirildi. Bu ko‘rsatkich 2020 yilga nisbatan deyarli ikki barobarga ko‘pdir.  Bu borada Ombudsman mintaqaviy vakillarining faolligi ham ancha oshgan, yaʼni, avvallari jamoatchilik asosida ishlagan  mintaqaviy vakillarning ko‘rsatkichlaridan 7 martaga ko‘pdir.

Aytish lozimki, Ombudsmanning har bir hududda mintaqaviy vakilining bo‘lishi nafaqat murojaatlarni joyiga chiqib o‘rganish, balki, harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalardagi shart-sharoitlarni muntazam monitoring qilish, mahkum va mahbuslar bilan jamoaviy va holi tarzda uchrashish, “Ombudsman quti”laridagi murojaatlarni har ikki haftada qabul qilish va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan xabarlarni tezkor ravishda joyiga chiqib o‘rganish imkonini bermoqda.

Tashriflarda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda ushlab turilgan 4500 dan ortiq shaxs bilan jamoaviy va 2 ming  nafardan ortiq  shaxslar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.

Mahkum va mahbuslar jazoni ijro etish muassasalari, manzil-koloniyalar va tergov hibsxonalariga o‘rnatilgan “Ombudsman qutilari” orqali ham Ombudsmanga murojaat qilishlari mumkin. Ushbu qutilar video kamera o‘rnatilmagan va mahkumlar borishi mumkin bo‘lgan qulay joylarga joylashtirilgan. Ahamiyatlisi, ushbu qutilarni Ombudsman xodimlari va mintaqaviy vakillardan boshqa hech kim ocha olmaydi.

Kelajakda mahkum va mahbuslar murojaatini tezkor ravishda qabul qilish uchun Ombudsmanga elektron murojaat qilishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Shunda ularning murojaatlarini raqamli texnologiyalar orqali o‘sha kunning o‘zida qabul qilish va ijroga qaratish imkoniyati tug‘iladi.  

Murojaatnomadan kelib chiqib, Ombudsmanning qiynoq holatlarini oldini olish bo‘yicha faoliyati yana-da kuchaytiriladi. Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tegishli mutasaddi vazirlik va idoralarga taqdimnoma va xulosa, Oliy Majlis palatalariga esa tahliliy axborotlar kiritiladi. Bularning barchasi yopiq muassasalardagi sharoitlarning yaxshilanishiga qaratilgan.

Hech kimning unutishga haqqi yo‘q – qonun talablari va inson huquqlari – biz uchun oliy qadriyat” Prezidentning ushbu so‘zlari  Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida qayd etildi. O‘ylaymizki, 2023 yil “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da xalq manfaati yo‘lida xizmat qilish burchini yelkasiga olgan har bir shaxs ushbu g‘oyaga hamohang holda faoliyat yuritsa mamlakatda inson huquq va manfaatlari taʼminlanishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan bo‘ladi.  

Feruza Eshmatova

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)