Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Munosabat: belgilangan vazifalarni bajarishga har bir xalq vakili mas’ul
Prezidentimiz 2022 yil 20 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga navbatdagi Murojaatnomani taqdim etdi. Davlatimiz rahbari milliy rivojlanishimizning yangi davri boshlangani, aholimiz soni 36 milliondan oshganligi, har yili 900 mingta yangi avlodimiz safimizga qo‘shilayotganligini alohida ta’kidladi. Bu birinchi navbatda har birimizdan tinimsiz mehnat qilishni talab etayotganligini aytdi. Tinimsiz izlanyapmiz,tinimsiz o‘rganyapmiz, dunyoning qaysi davlatiga bormaylik albatta tajriba o‘rganyapmiz, izlanyapmiz, dedi mamlakatimiz rahbari. bugungi dunyo – sinovli dunyo. Tajriba esa taraqqiyot uchun amalga oshirilayotgan islohotlarning bardavomligini ta’minlaydi.

Taraqqiyot jasoratli mehnatda. Senator va deputatlarni, davlat xizmatchilarini, har bir O‘zbekiston fuqarosini islohotlar samarasi, mamlakatning yorqin istiqboli uchun Prezident jasoratli mehnatga da’vat etmoqda. Bu yilgi murojaatnoma o‘zining yanada xalqchilligi bilan alohida ajralib turdi. Unda mamlakat xalqi hayoti uchun zarur bo‘lgan biror soha chetda qolmadi. Iqtisodiyot, Investitsiyalar, tadbirkorlik, xususiylashtirish masalalarida yaratilayotgan keng imkoniyatlar mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilishi shubhasizdir. Ayniqsa ijtimoiy himoya, ta’lim-tarbiya, oila va mahalla hamkorligi, madaniyatni rivojlantirish, xavfsizlik masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganligi, yangi mexanizmlar asosida ishlarning tashkil etilishi ushbu sohalarda mavjud muammolarni yechishga xizmat qiladi.  

Prezidentimiz yangi 2023 yilni “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qildi. Bu birinchi navbatda o‘sib kelayotgan yosh avlodning sifatli bilim olishi, ularning ham jismoniy, ham ruhiy salomatligi nuqtai nazaridan ishlarni tashkil etishning qayta ko‘rib chiqilishi imkoniyatidir. Eng avvalo, jamiyatimizda o‘qituvchining maqomini oshirish, maktablarda fanlarni, jumladan, ona tili va chet tillarini sifatli o‘qitish, maktab bitiruvchilarining kasbga ega bo‘lishini ta’minlash kabi masalalar dolzarbligi e’tirof etildi. bugungi katta muammomiz maktabni bitirayotgan yoshlarning 50 foizi bilimsiz, kasb hunarsiz katta hayotga chiqishidir. Kelgusi yilda maktablarning moddiy texnika bazasini mustahkamlash uchun alohida mablag‘ ajratilmoqda. 70 ta yangi maktab qurilishi, 460 maktabning qo‘shimcha binolar qurilishi evaziga kengaytirilishi kutilmoqda. Maktablarni ikki smenada ishlashi, faqat bir smenada ishlashini ta’minlash ham rejalarga kiritilgan. Barcha maktablarda boshlang‘ich sinflar uchun 1 martalik bepul ovqatlanishni tashkil etish rejalashtirilgan.  

Shuningdek, sifatli ta’lim Oliy ta’limga ham taalluqli bo‘lib, bugungi kunda soni 198 taga yetgan Oliy ta’lim muassasalarda endi son emas, sifatga e’tibor qaratilishi zarurligi ta’kidlandi. Mamlakatimiz rahbari Oliy ta’limdagi korrupsion holatlarga deputat va senatorlar ham befarq bo‘lmasdan, xalq vakili sifatida bu jarayonlarni nazoratga olishlari zarurligini uqtirdi. Murojaatnomadan o‘rin olgan yana bir yo‘nalish – Inson huquq va erkinliklari yo‘nalishidir. Ushbu yo‘nalishda mamlakatimizda ulkan ishlar amalga oshirilgani hech kimga sir emas. Birgina, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) institutini rivojlantirish uchun amalga oshirilgan islohotlarni olib ko‘rsak, dunyo mamlakatlari e’tirof etayotgan e’tiborga molik ishlarimizni sanab o‘tishning o‘zi yetarlidir.  

Murojaatnomada bu boradagi ishlarda mavjud bo‘lgan ayrim muammolar haqida aytib o‘tildi. Jumladan, sud jarayonlarida odamlarning sarsongarchiliklari, advokatlarni tanlashdagi elektron platformalarning yaratilmaganligi, tergov jarayonlaridagi ayrim holatlarning cho‘zilishida mutaxassislar bilimining yetarli emasligi, prokurorning sud majlisida ishtirok etishidagi ayrim muammolar va boshqalar haqida tanqidiy ruhda gapirildi. Odil sudlov borasida yangi farmon tayyorlanayotganligi haqida ta’kidlandi. Ayrim vakolatlar prokuraturadan sudga olib berilishi haqida aytildi.  

Umuman murojaatnomada Prezidentimiz kelgusi 2023 yilda mamlakatda amalga oshiriladigan muhim yo‘nalishlar bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi. Ushbu vazifalarni bajarishga har bir xalq vakili mas’uldir.  

Abira Huseynova,  

Senat a’zosi, Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Buxoro viloyati bo‘yicha mintaqaviy vakili, professor