Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
FUQAROLAR MUROJAATLARIGA YASHIRINGAN HAQIQATLAR
Bir murojaat ortida bir inson taqdiri bo‘lsa, murojaatlar tahlili sohalardagi tizimli masalalarni aniqlash va ularni bartaraf etish imkonini beradi. Shu nuqtai nazardan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) nomiga kelib tushayotgan murojaatlar muntazam tahlil qilinib, qonun hujjatlaridagi bo‘shliqlarni bugungi kun talabiga mos ravishda takomillashtirilishi bo‘yicha takliflar tayyorlanmoqda.

Haqiqatan ham, qonunlarning qay darajada ishlayotganini o‘rganishning eng muhim mezonlaridan biri fuqarolar murojaatlarini tahlil qilishdir. Shu kunga qadar ham Ombudsman o‘z taklif va tavsiyalarini ishlab chiqib, tegishli tashkilot va idoralarga kiritib kelgan.

Qayd etish lozimki, Yangi O‘zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasini ishlab chiqish borasidagi islohotlar natijasida Ombudsman institutiga ham qonunchilikka takliflar kiritish huquqi berilmoqda. Inson huquqlari himoyasiga oid eng samarali takliflar aynan Ombudsmanning murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha kundalik amaliyotida, aholi, davlat va nodavlat tashkilotlari, sud hokimiyati va ekspertlik hamjamiyati bilan bevosita hamkorligida shakllanadi. Bu borada yechimini kutayotgan muammolar ham aynan shu jarayonda yuzaga chiqadi. Shu nuqtai nazardan Ombudsman institutining qonun ijodkorligi yo‘nalishidagi faoliyati yana-da kuchaytiriladi.

Ombudsmanga kelib tushgan murojaatlar statistikasi tahliliga ko‘ra, joriy yilning 11 oyi davomida vakilga 11394 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 1371 tasi jismoniy va yuridik shaxslardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlardagi mintaqaviy vakillariga yuborilgan.

Shu o‘rinda taʼkidlash lozimki, Ombudsman murojaatchilarning faqatgina mansabdor shaxslarining harakatlari yoxud harakatsizligi ustidan bergan shikoyatlarini ko‘rib chiqadi va o‘z tekshiruvini o‘tkazadi. Lekin u sudning vakolati doirasiga kiradigan masalalarni ko‘rib chiqmaydi. Bu Ombudsman faoliyatini tartibga soluvchi qonunda aniq belgilab qo‘yilgan.

Ombudsman tomonidan joriy yilning 11 oyi davomida fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha 121 ta taʼsir choralari qo‘llanildi. Bunda davlat organlari va tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslariga 19 ta taqdimnoma va 35 ta vakil xulosasi hamda sudlarga 67 ta ariza va daʼvo arizalari kiritildi.

Ombudsman kotibiyati xodimlari sud majlislarida 42 marta kuzatuvchi sifatida ishtirok etishdi. Shundan jinoyat ishlari bo‘yicha sud majlislarida 8 marta, maʼmuriy ishlar bo‘yicha sud majlislarida 2 marta va fuqarolik ishlari bo‘yicha sud majlislarida 32 marta qatnashilgan.

Murojaatlarni o‘rganish, maʼlumotlar to‘plash, taʼsir choralarini qo‘llash, sud jarayonlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etish davomida yo‘l qo‘yilayotgan baʼzi qonunbuzilish va qonunlarni chetlab o‘tish holatlari aniqlandi.

Xususan, fuqarolarning iqtisodiy huquqlar bilan bog‘liq murojaatlari tahlil qilinganda, ularning mehnat huquqlari tashkilot tomonidan buzilganlik holatlari kuzatildi. Jumladan, fuqarolarning mehnat shartnomalari ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilingan holatlarda mehnat qonunchiligi talablariga amal qilinmaganligi, fuqarolarning ish haqi o‘z vaqtida to‘lanmaganligi, shuningdek, xodimlarning ishga tiklanishi sud qarorlari bilan belgilangan bo‘lsa-da, ish beruvchi tomonidan sud qarorlarining bajarilmasligi yoki asossiz ravishda kechiktirib bajarilish holatlari kuzatilgan.

Ombudsman tomonidan mehnat munosabatlariga oid qo‘llanilgan taʼsir choralari natijasida 2022 yilning 11 oyi davomida fuqarolarning ish haqi va mehnat munosabatlari bilan bog‘liq to‘lovlar bo‘yicha 225,4 mln. so‘mdan ortiq mablag‘ undirilgan, 10 nafar fuqaro ishga tiklangan va 5 nafar fuqaro ish bilan taʼminlangan.

Insonlarning yashash tarzi va kayfiyati bevosita ularning bandligi, ish haqini o‘z vaqtida olishi, bir so‘z bilan aytganda, mehnat huquqlarining taʼminlanishi bilan bog‘liqdir. O‘ylaymizki, ish beruvchilar qo‘l ostidagi xodimlar huquqlarini hurmat qilishlari va o‘z majburiyatlarini qonunchilik asosida amalga oshirishi lozim.

Hozirgi kunda aholining huquqiy xabardorligi ancha oshib, ular ijro hokimiyati va idoralari ustidan Ombudsmanga murojaat qilishlari mumkinligini yaxshi bilishadi. Ombudsman esa fuqarolarning buzilgan mehnat huquqlarini tiklash bo‘yicha taʼsir choralaridan foydalanadi.

Shu nuqtai nazardan ishga tiklash bo‘yicha sud qarorlarini vaqtida ijro etmay kelayotgan ayrim mansabdor shaxslar ushbu harakatsizlik orqali konstitutsiyaviy normalarga, qonun ustuvorligi tamoyiliga nisbatan behurmatlik qilayotganini anglashi zarur.

Yuqoridagi holatlarning oldini olish maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan sud qarorlarini ijro etmayotgan tashkilotlar haqidagi maʼlumotlarni parlament nazorati subyektlariga taqdim etish amaliyotini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq.

Qayd etish lozimki, fuqarolar va jamoatchilik takliflari asosida qonunchilik bazasi takomillashtirilib borilmoqda. Yangi tahrirda qabul qilingan va 2023 yilning aprel oyida kuchga kiradigan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi so‘zimizning yaqqol tasdig‘idir.

Amaldagi mehnat qonunchiligiga ko‘ra, xodim pensiya yoshiga to‘lganda va yoshga doir pensiya olish huquqiga ega bo‘lganda, mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusiga bilan bekor qilinishi mumkin.

Sir emas, mamlakatimiz ayollarining mehnatsevarligi va o‘z ishiga mehr qo‘ygani sababli baʼzilar 55 yoshdan keyin ham ishlashni xohlashadi. Ombudsmanga yuborilayotgan pensiyaga oid murojaatlarda ayollar 55 yoshdan so‘ng ish beruvchi tomonidan bo‘shatilayotganliklaridan shikoyat qilishgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2019 yil 7 martdagi Qarorida 2019 yil 1 maydan ayollarning pensiya yoshiga to‘lganligi yoki qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelganligi sababli, ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasini 60 yoshga to‘lgunga qadar ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish taqiqlanishi belgilab qo‘yilgan. Qonunchilikdagi ushbu mutanosiblik yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida bartaraf qilinib, pensiya yoshiga to‘lgan xodim bilan tuzilgan mehnat shartnoma ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishi taqiqlandi.  

Qayd etish lozimki, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan Parlament quyi palatasiga shaxsiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarning sud orqali himoya qilinishi, surishtiruv va dastlabki tergov ishlarining ko‘rib chiqilishi jarayonida inson huquqlarining taʼminlanishiga oid qator takliflar kiritildi.

O‘ylaymizki, fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilgan masalalarni tizimli hal etishga qaratilgan ushbu takliflar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan va “Inson qadri uchun” tamoyiliga asoslangan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ladi.


Feruza Eshmatova,

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)