TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanning Qoraqalpog‘istondagi Mintaqaviy vakili og‘ir sharoitda yashovchi 13 ta oilaga uy-joy berilishiga erishdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili Zuxra Reymova Nukus shahridagi bir nechta mahallalarni aylandi. Doimiy ravishda og‘ir turmush sharoitida yashayotgan fuqarolar muammolarini o‘rganish davomida Mintaqaviy vakil mahalla binosida yashab kelayotgan ayol murojaatini eshitdi.

Aniqlanishicha, ushbu oila istiqomat qilayotgan bino yashash uchun mo‘ljallanmagan noturar joy hisoblanadi. Qolaversa, ayolning sog‘lig‘i kundan-kun yomonlashib, vaqtida davolanishga qo‘li kaltalik qilgani sabab hozirda og‘ir xastalik tufayli to‘shakka mixlanib qolgan.

Murojaatni nazoratiga olgan Zuxra Reymova dastlab, xasta ayolni Nukus shahar shifoxonasining kardiologiya bo‘limiga joylashtirib, uning sog‘lig‘i malakali tibbiyot xodimlari tomonidan nazoratga olinishini taʼminladi.

Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili Zuxra Reymova Nukus shahridagi mahallalarni aylanish davomida nochor ahvolda yashayotgan yana 12 ta oila honadonida bo‘lib, ularning ham murojaatlarini qabul qildi. Zuxra Reymova suhbatlashgan fuqarolarning so‘zlariga ko‘ra, ular ko‘p marotaba tegishli davlat hokimiyati va idoralarga murojaat qilishgan bo‘lsa-da, ular eʼtiborsiz qoldirilavergan. Achinarlisi, ushbu oilalar orasida nogironligi bo‘lgan fuqarolar ham mavjud.

Mintaqaviy vakil mazkur murojaatlarni o‘z nazoratiga olgach, ushbu oilalarga mahalliy hokimiyat hisobida turgan uy-joylar ajratildi. Hozirda 13 ta oilaning barchasi yangi uylarga ko‘chib o‘tishgan.

Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati