TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman boshchiligidagi ekspert guruhi ayollar koloniyasiga borishdi
Xabaringiz bor, Ombudsman huzuridagi Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm doirasida jamoatchilik vakillari hamda OAV bilan birgalikda muntazam ravishda jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarga inson huquqlarining taʼminlanishi monitoring tashriflari amalga oshirib kelinmoqda.

Navbatdagi monitoring joriy yilning 14 aprel kuni Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi 21-sonli jazoni ijro etish muassasasiga uyushtirildi.

1600  o‘ringa ega bo‘lgan Respublikada yagona ayollar jazoni ijro etish muassasasida hozirda 500 nafardan ortiq mahkumalar  saqlanmoqda. Ularning 3 nafari voyaga yetmaganlardir.

Ombudsman boshchiligidagi Ekspert guruhi aʼzolari dastlab mahkuma ayollar yotoqxonasini ko‘zdan kechirdi. Yotoqxonalarda mahkumalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar talab darajasida, ular bilan suhbat davomida ham hech bir mahkuma muassasa sharoiti yoki xodimlar muomalasidan shikoyat qilmadi. Oylik maoshlari miqdori haqida so‘ralganida 400-700 ming so‘mgacha buyurtmaga qarab ish xaqi olishlarini, kasal va yoshi katta mahkumalar ishga jalb qilinmasligini, kasb-hunarga o‘rgatilgan ayollarga sertifikatlar berilishini qayd etishdi.

Kelganimda hech qanday hunarim yo‘q edi. Muassasada tikuvchilikni o‘rgatishdi, tikuv mashinani tuzatishni bilaman, elektrik kasbini o‘zlashtirdim. Ozodlikka chiqsam bemalol halol yo‘l bilan farzandlarimni boqa olaman.” – dedi mahkumlardan biri.

Ekspert guruhi aʼzosi Aʼzamjon Farmonov mahkumalardan isonparvarlik dalolatnomalarini qo‘llanilishi holati haqida so‘raganida, shu yil qoidabuzarligi yechilmagan 27 nafar mahkumaga nisbatan ham istisno tariqasida insonparvarlik dalolatnomalari qo‘llanilganligini bildirishdi.

Muassasada 2 ta bolalar uyi tashkil etilgan bo‘lib, u yerda 21 nafar onalar 3 yoshgacha bo‘lgan farzandi bilan 24 soat davomida birga bo‘lishi uchun imkoniyat sharoitlar yaratilgan. Bolalali mahkumalar majburiy ishga jalb qilinmaydi, lekin ixtiyoriy ravishda ishlash istagini bildirganlar farzandlarini tarbiyachi yoki hamshiralarga qoldirishi mumkin. Ona va bolalar krovatlari yonma-yon joylashtirilgan bo‘lib, bola parvarishi uchun zarur bo‘ladigan barcha kiyim-kechak, oziq-ovqat, vitamin va dori-darmon vositalari bilan taʼminlangan. Muassasada saqlanayotgan ona-bolalar salomatligi uchun 20 ta tarbiyachi va hamshiralar biriktirilgan. Uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan mahkumalarning farzandlari 3 yoshdan keyin yaqin qarindoshlari yoki mahkumaning roziligiga asosan bolalar uyiga topshiriladi.