Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman o‘rganishlari davomida Muruvvat uyida yashovchi 31 nafar nogironligi bo‘lgan erkaklarning shaxsini tasdiqlovchi hujjati yo‘qligi aniqlandi
Maʼlumki, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va uning viloyatlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalar bilan birga “Muruvvat” uylariga ham muntazam monitoring tashriflari amalga oshirilib kelinadi. Qayd etish lozimki, ushbu muassasalardan inson shaʼni va qadr-qimmati hamda huquqlarining kamsitilishiga sabab bo‘lmaydigan munosib sharoitlar yaratilishi lozim. Ombudsman vakillari o‘rganishlarda ayni jihatlarga alohida eʼtibor qaratishadi hamda ushbu muassasalarda saqlanayotgan shaxslar murojaatlarini qabul qilishadi.

Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Abira Huseynova Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan erkaklar uchun internat uyiga amalga oshirgan monitoring tashrifida 31 nafar fuqaro bugungi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti olishda muammolarga duch kelayotgani, yaʼni aksariyat hollarda tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar mavjud emasligi maʼlum bo‘lgan. Taʼkidlash lozimki, ularning ayrimlarining shaxsan muloqot qilish o‘z fikrlarini bayon etish  imkoniyatlari mavjud emas.

Ushbu masala Ombudsman mintaqaviy vakili tomonidan nazoratga olinib, tegishli tashkilotlarga murojaat qilindi. Natijada 18 nafar fuqaroning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasini Davlat xizmatlar agentligidan olish uchun to‘lov internat uyi va bojxona xodimlari tomonidan to‘lab berilgan. 5 nafar fuqaroning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi agentlik tomonidan aniqlik kiritilgan bo‘lib, internat uyi tomonidan to‘lovlar amalga oshirilgandan so‘ng pasport olish uchun tegishli tashkilotga taqdim etilishi rejalashtirilgan. 8 nafar fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritib bo‘lmayotganligi sababli, Davlat xizmatlar agentligi tomonidan maʼlumotlar olish imkoni yo‘qligi maʼlum qilingan.

2022 yilning 16 noyabr kuni Ombudsmanning Buxoro mintaqaviy vakili, Davlat bojxona qo‘mitasi Buxoro viloyati boshqarmasi va IIB bilan hamkorlikda Qorako‘l tumanidagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan erkaklar uchun internat uyida tadbir tashkil etilib, vasiylikka olingan fuqarolarning 14 nafariga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiyalovchi ID-kartalari topshirildi. Yana 7 nafar fuqarolarning hujjatlari tayyorlanish jarayonida ekanligi maʼlum qilindi.

Maʼlumot uchun: Internat uyida 306 nafar erkaklar davlat tomonidan vasiylikka olingan bo‘lib, muassasaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlangan va infratuzilmasi yaxshilangan. Vasiylikka olingan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirishga qaratilgan zamonaviy uslub va ijtimoiy texnologiyalar tatbiq etilgan. Qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Ijtimoiy moslashtirish va ularga o‘z qiziqishlaridan kelib chiqib kasb-hunarlar o‘rgatilmoqda. Bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda intellektual, jismoniy va ijodiy qobiliyatini rivojlantirish bo‘yicha amaliy ishlar bajarilmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati