Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanning Buxorodagi mintaqaviy vakiliga mahkumlar nima masalada murojaat qilishgan edi?
Maʼlumki, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) xududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga muntazam ravishda monitoring tashriflari amalga oshirilib, u yerda saqlanayotgan shaxslarga yaratilgan sharoitlar muntazam ravishda o‘rganib kelinadi. Tashriflar doirasida mahkumlar bilan jamoaviy va yakka tartibdagi suhbatlar ham o‘tkazilib, ularning murojaatlari qabul qilinadi.

Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Abira Xuseynovaning 17-sonli jazoni ijro etish muassasasiga qilgan monitoringlaridan birida mahkumlar yog‘ochga va metallga ishlov berish, bosh kiyimi tikish kabi kasb-hunarlarni o‘rganishni xohlashlarini bildirishgan edi. Ushbu taklif IIV Jazoni Ijro Etish Departamenti Oltinchi mintaqaviy hudud va muassasa rahbarlariga yetkazilgach, Hunarmandchilik uyushmasi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda mazkur jazoni ijro etish muassasasida hunarmandchilik faoliyatining 8 ta yo‘nalish, jumladan yog‘och o‘ymakorligi, mualliflik mebellari, metalldan yasalgan buyumlar, miniatyura, rang tasvir, naqqoshlik va bo‘yoqli naqshlar, mozaika, tosh o‘ymakorligi, bosh kiyim tayyorlash, milliy poyafzal tayyorlash bo‘yicha 3 oylik kasb-hunar o‘quv kurslari Usta-shogird asosida tashkil etildi.

Qayd etish lozimki, mahkumlarni yangi kasb-hunarlarga o‘rgatish jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarni axloqan qayta tarbiyalash, ularda sodir etgan jinoyatiga nisbatan pushaymonlik hissini shakllantirish va jamiyatga qaytarishda muhim ahamiyatga ega.

2022 yilning 26 oktyabr kuni 8 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘quv kurslarini tamomlagan 49 nafar mahkumlarga sertifikatlar topshirildi. Tadbirda Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili, IIV Jazoni Ijro Etish Departamenti Oltinchi mintaqaviy hudud 17-son jazoni ijro etish koloniyasi rahbari, Buxoro viloyat “Hunarmand” boshqarmasi vakili hamda  ishtirok etishdi.

Yig‘ilganlarga bugungi kunda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga kasb-hunar o‘rganishlari uchun yaratilayotgan sharoitlar, mazkur kasb-hunar kurslarini tugatib, tegishli mutaxassislik bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lgan shaxslarga ozodlikka chiqqanidan so‘ng o‘zlarining tadbirkorlik faoliyatini boshlashlari uchun davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy yordam to‘g‘risida batafsil maʼlumot berildi.

Shu kuni Ombudsmanning Buxorodagi mintaqaviy vakili jazoni ijro etish muassasasida mahkumlarga yaratilgan shart-sharoitlarni ham o‘rgandi.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati