Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman ACTED nodavlat notijorat tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari bilan uchrashdi
Joriy yilning 14 oktyabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova ACTED nodavlat notijorat tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakili Dilfuza Zokirova bilan uchrashdi va unda o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

ACTED nodavlat notijorat tashkiloti vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ular fuqarolik jamiyatlarini mustahkamlash, mehnat huquqlarini taʼminlash bo‘yicha monitoring olib borish va yashil iqtisodiyotni rivojlantirish borasida faoliyat yuritadi. Tashkilotning yana bir muhim yo‘nalishlaridan biri fuqarolik jamiyati institutlari, jurnalistlar va blogerlarning huquqiy xabardorligini oshirib borishdan iborat.

Uchrashuvda “Iqtisodiy rivojlanish uchun samarali boshqaruv” loyihasining mintaqaviy koordinatori Anna Martires loyihaning asosiy maqsadi bilan tanishtirdi.

Taʼkidlanishicha, “Iqtisodiy rivojlanish uchun samarali boshqaruv” loyihasi 2020-2025 yillarda O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikalarida hukumatni iqtisodiy siyosatdagi aniq islohotlarga masʼuliyatini oshirishda fuqarolik jamiyatining salohiyati va imkoniyatlarini kengaytirishni maqsad qilgan.

Uchrashuvda Inson huquqlari bo‘yicha vakil ham Ombudsman institutining faoliyat yo‘nalishlari haqida to‘xtalar ekan, fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan muntazam hamkorlikda ishlashini qayd etdi. Xususan, Ombudsman huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya aʼzolari tarkibida qator NNTlar rahbarlari kiritilgani taʼkidlandi.

Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida kelgusidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati