Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Samarqand shahridagi Vaqtincha saqlash hibsxonasiga monitoring tashrifi amalga oshirildi
Joriy yilning 4 avgust kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Diyor Xusanov “Yuksalish” umummilliy harakatining Samarqand viloyat bo‘linmasi rahbari E.Xamrayev bilan birgalikda Vaqtincha saqlash hibsxonasiga monitoring tashrifi amalga oshirildi.

2-qavatdan iborat hibsxona binosida shaxslarni saqlashga mo‘ljallangan kameralardan tashqari 2 ta tergov xonasi, 1 ta advokatlar, 1 ta uchrashuv, 1 ta maʼnaviyat va maʼrifat, 1 ta tibbiy xonalar va 1 ta sayrgohlar mavjud.

Aniqlanishicha vaqtincha saqlash hibsxonasi hududida saqlanuvchi shaxslarning ovqatlanishlari autsorsing xizmati bo‘yicha tadbirkorlar bilan shartnoma asosida yo‘lga qo‘yilgan.

Mahbuslarning yuvinish xonalari taʼmirga muhtoj. Bundan tashqari kameralar radioeshittirish vositalari, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan jihozlar, kiyim-bosh uchun ilgichlar bilan taʼminlanmagan.

Hibsxonada saqlanuvchi shaxslarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun 65 turdagi dori-darmonlar mavjud.

Monitoring o‘tkazilgan kuni hibsxonada saqlanayotgan M.Q. tomonidan tez tibbiy yordam chaqirish bo‘yicha murojaat kelib tushdi va shu vaqtning o‘zida maxsus tez tibbiy yordam chaqirtirilib, unga tibbiy yordam ko‘rsatildi. O‘tkazilgan suhbatlar davomida hibsxonada saqlanayotgan shaxslar tibbiy yordamdan qoniqayotganliklarini maʼlum qilishdi.

Vaqtincha saqlash hibsxonasida 172 nafar mahbusning yaqin qarindoshlari bilan uchrashishi uchun 1 ta xona ajratilgan. Mazkur holat bo‘yicha qisqa muddatli uchrashuv xonalarining sonini ko‘paytirish bo‘yicha tavsiya berildi.

Shuningdek, hibsxonada mahbuslarning madaniy dam olishlari va yaqin qarindoshlari bilan uchrashishlari uchun yaratilgan sharoitlar ham o‘rganildi.

Aniqlanishicha, hibsxonada saqlanuvchi shaxslarning madaniy dam olishlari uchun alohida maʼnaviyat xonasi ajratilgan. Shuningdek, binoda 110 ta turdagi badiiy va huquqiy adabiyotlarni jamlagan kutubxona ham mavjud.

Shuningdek, maʼmuriy binoda fuqarolarni qabul qilish uchun 1 ta xona ajratilgan va xavfsizlikni taʼminlash maqsadida video kuzatuv kamerasi bilan jihozlangan.  

Vaqtincha saqlash hibsxonasidagi saqlanuvchi shaxslar uchun sayyor qabul ham tashkil etilib, 7 nafar mahbus murojaatlari qabul qilindi va ijroga yo‘naltirildi.

Monitoring tashrifi davomida, hibsxona xodimlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, xodimlar tomonidan vaqtincha saqlanuvchi shaxslarga nisbatan muomala madaniyatini yaxshilash qonun talablaridan chetga chiqmaslik hamda har xil turdagi bosim va tazyiqlar o‘tkazmaslik bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati