Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Jizzaxlik fuqaro manfaatida Ombudsman tomonidan sudga daʼvo arizasi kiritildi
Fuqaro Z.D. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (ombudsmanga) shikoyat bilan murojaat qilib, shikoyatida Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Sharof Rashidov tuman bo‘limining tegishli qaroridan norozi ekanligini, zararli mehnat sharoitlarida ishlaganlik faktini belgilab berishda yordam so‘ragan.

Mazkur murojaat qonunchilikda belgilangan tartibda har tomonlama o‘rganilishi uchun u Ombudsmanning Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili O‘tkir Jo‘rayevga yuborildi.

Aniqlanishicha, fuqaro haqiqatdan ham 1996-1998 yillarda Jizzax viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida hamda 1998-2022 yillarda Jizzax viloyat silga qarshi kurash dispanseri bolalar bo‘limida kichik tibbiy xodim bo‘lib ishlagan.

Ombudsman tomonidan fuqaro Z.D.ning shikoyati asosida fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudiga ariza kiritildi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudining 2022 yil 20 iyuldagi hal qiluv qarori bilan ariza qanoatlantirilib, Z.D.ning 1996 yil 24 maydan 2022 yil 16 dekabrgacha “Imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va ko‘rsatkichlar ro‘yxatlarini qo‘llash tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnomaning 5-bandiga mos ravishda zararli ish o‘rnida ishlaganlik fakti tasdiqlandi.

Sud tomonidan huquqni tiklanishi fuqaro Z.D.ga imtiyozli asosda 50 yoshdan pensiyaga chiqish huquqini taʼminlaydi hamda ariza Ombudsman tomonidan kiritilganligi uchun fuqaro davlat boji to‘lashdan ozod etildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati