Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Rossiyadagi ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, qarovsiz va yordamga muhtoj 19 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi
Bugun Rossiyadan ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, qarovsiz, nazoratsiz qolib ketgan va yordamga muhtoj bo‘lgan 19 nafar bolalar tegishli mutasaddi idoralar hamkorligida O‘zbekistonga olib kelindi.

Vazirlar Mahkamasining (6-son, 07.01.2020 y.) «Xorijda ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarining bolalarini O‘zbekistonga qaytarish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori va IIVning tegishli farmoyishiga asosan ishchi guruh tuzilib, Ichki ishlar organlari, SSV, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi xodimlari hamkorligida o‘zga yurtda qarovsiz, nazoratsiz qolib, yordamga muhtoj Voyaga yetmagan bolalarni vatanga olib kelish choralari ko‘rildi.

Ishchi guruh aʼzolari Rossiyaning turli shaharlarida bolalar qayerda saqlanayotgani, ularning salomatligi qay ahvolda ekanini aniqlab, kerakli hujjatlarni to‘plagan. Safar davomida qabul qilib olingan bolalarning har biri SSV xodimlari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va ular vatanga olib kelindi.

Ushbu jarayonda Bola huquqlari bo‘yicha vakil A.Yunusova Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil M.A. Lvóva-Belóva bilan muloqotda bo‘lib, 2021-yil 4-avgustda ular o‘rtasida imzolangan hamkorlik va o‘zaro anglashuv memorandumi doirasida ota-ona qaramog‘isiz qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan bolalarni, O‘zbekistonga uyushgan holda olib chiqishga ko‘maklashish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Xususan, ism-shariflari ilova qilingan ro‘yxatda ko‘rsatilgan Voyaga yetmaganlarni Moskva shahri Altufyev tumanidagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish markaziga yetkazib berish va vaqtincha joylashtirishda ko‘rsatgan ko‘magi uchun Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil M.A. Lvóva-Belóvaga va uning ofisi xodimlariga minnatdorchilik bildirildi.

Mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimi joriy etildi, ularning barkamol avlod sifatida shakllanishi hamda ijtimoiy moslashuvini taʼminlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda, shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalalariga keng eʼtibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunining 14-moddasida bolaning g‘ayriqonuniy ko‘chirilishdan himoyalanish huquqi kafolatlari belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra:

Har bir bola g‘ayriqonuniy ko‘chirilishdan va chet eldan qaytarilmaslikdan himoyalanish huquqiga ega.

Bolaning chet elga safarlari faqat ota va onaning yoki ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslarning roziligi bilan qonunchilikka muvofiq amalga oshirilishi mumkin. Ushbu masala bo‘yicha ota va ona yoki ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘rtasidagi har qanday kelishmovchilik sud tomonidan hal qilinadi.

Ota-ona yoki ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslar bolaning yo‘qolganligi haqida tegishli organlarga darhol xabar berishlari shart.

Ota-ona yoki ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslar hamrohligida bo‘lmagan bolalar ularning yoniga kafolatli qaytarilish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari chet elda qonuniy vakillari hamrohligisiz turgan bolalarning — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining hisobini yuritadi va ularning qaytarilishi bo‘yicha choralar ko‘radi. Ota-onasi bedarak yo‘qolgan deb topilgan yoki ular vafot etgan deb eʼlon qilingan taqdirda, vasiylik va homiylik organi ana shu bolalarni oilaga, bunday imkoniyat bo‘lmaganda esa yetim bolalar yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun tayinlangan muassasalarga joylashtirish choralarini ko‘radi.

Qonuniy vakillari hamrohligisiz chet elda turgan bolalarni qaytarish masalalari O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida hal qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiq davlat ijro etish maqsadlari, shakllari va usullaridan qatʼi nazar, bolalarni g‘ayriqonuniy ko‘chirishning oldini olish, shuningdek ularni doimiy yashaydigan mamlakatiga qaytarish choralarini ko‘radi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati