Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Sardobadagi manzil-koloniyaga monitoring tashrifi amalga oshirildi
2022 yil 30 may kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Sirdaryo viloyati bo‘yicha mintaqaviy vakili Shuhrat Alimov Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti 3-Mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi 39-son manzil-koloniyasiga monitoring tashrifini amalga oshirdi. Monitoringda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Sirdaryo viloyat Kengashi mehnat huquqi inspektori Shirinxan Umaraliyeva ham ishtirok etdi.

Monitoring davomida mahkumlarning 35 nafari koloniyaning dala ishlariga, 15 nafari koloniya yordamchi xo‘jaligi ishlariga jalb etilgani maʼlum bo‘ldi.

Manzil-koloniyada bemor mahkumlar davolanishi uchun ambulatoriya tashkil etilgan, bir nafar erkin yollangan o‘rta-maxsus tibbiy maʼlumotli fuqaro ishlamoqda. Ambulatoriyada birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun dori-darmon va tibbiy vositalar mavjud bo‘lib, yaroqlilik muddati o‘tgan tibbiy buyumlar yoki dori-darmonlar aniqlanmadi.

Muassasada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga oila aʼzolari bilan qisqa muddatli uchrashuvlar uchun koloniyada 1 xona ajratilgan.  

Manzil-koloniya yotoqxonasi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 84-moddasi 2-qismi belgilangan to‘rt yarim kvadrat metrdan kamroqni tashkil etadi (50 ta mahkum 225 kvadrat metrni tashkil etuvchi bitta yotoqxonaga joylashtirilgan). Shu bois, koloniya boshlig‘iga mahkumlarga belgilangan norma talablari asosida yotoqxona ajratish tavsiya etildi.

Monitoring davomida, koloniyadagi umumiy ovqatlanish oshxonasi joriy taʼmirlangani, yuvinish xonalarining issiq va sovuq suv bilan taʼminlangani aniqlandi.

Bundan tashqari 2022 yilda manzil koloniyasida ishlab chiqarish hisobida 20 bosh ona qo‘y va 25 bosh qo‘zilar parvarishlab kelinmoqda, ushbu qo‘ylarni parvarish va boqish uchun 1 ta mahkum biriktirilib doimiy ish bilan taʼminlangan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati