Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman huzuridagi jamoatchilik guruhi tomonidan Navoiy viloyatidagi yopiq muassasalar sharoitlari o‘rganildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 5163-sonli Qarori va “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonuni talablari asosida, Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflari muntazam ravishda amalga oshirib kelinmoqda.

Shunga ko‘ra, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Kotibiyati masʼul xodimlari, Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhi hamda Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili ishtirokida Milliy preventiv mexanizm doirasida ushbu viloyatidagi 4, 5, 11, 12-son Jazoni ijro etish koloniyalari, 36-son Manzil-koloniya, Navoiy va Zarafshon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi boshqarmalarning Vaqtincha saqlash hibsxonalari hamda Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasining Maʼmuriy qamoqqa olinganlarni saqlashga mo‘ljallangan maxsus qabulxonasiga monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Monitoring tashrifi davomida, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalarning yotoq joylari, oshxonalar, hammomlar, kutubxonalar, davolash-profilaktika yordam ko‘rsatish bo‘limlari, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, ishlab chiqarish obyektlari hamda intizomiy bo‘limlardagi sharoitlar ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, muassasalarda o‘rnatilgan Ombudsman qutilari ko‘zdan kechirildi va murojaatlar ijro uchun qabul qilindi. Shuningdek, yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslar bilan yakka tartibda uchrashuvlar o‘tkazildi. Uchrashuvlarda saqlash shart-sharoitlari va qiynoqqa solish holatlari yuzasidan shikoyatlar kelib tushmadi. Shikoyatlarning aksariyat qismi, tayinlangan jazo yengillashtirilishida, jazo muddatini o‘tashi davomida sodir qilgan intizom buzarligi uchun qo‘llanilgan intizomiy jazolarni muddatidan oldin olib tashlashda hamda oilasiga moddiy yordam ajratilishida va oilaviy sharoitini inobatga olib, yashash hududiga yaqin joydagi koloniyalardan biriga o‘tkazish masalasida bo‘ldi.

Mahkumlarning ovqatlanish sharoiti o‘rganilganda, oziq-ovqat taʼminoti Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan meʼyorlar talablari asosida berilayotganligi va oziq-ovqat mahsulotlarining saqlanishi sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilingan holda ekanligi aniqlandi. Yuvinish xonalari va Davolash-profilaktik yordam ko‘rsatish bo‘limlaridagi dori-darmon taʼminoti ko‘zdan kechirilganda kamchiliklar aniqlanmadi.

O‘rganish yakunlariga ko‘ra, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalardagi shart-sharoitlarni xalqaro meʼyoriy hujjatlar va mamlakatimizdagi amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish yuzasidan tegishli muassasa rahbarlariga zaruriy tavsiyalar berildi.

Tashrif davomida amalga oshirilgan sayyor qabuldagi murojaatlar Ombudsman Kotibiyati masʼul xodimlari tomonidan mutasaddi vazirlik va muassasalar bilan hamkorlikda o‘rganib chiqilmoqda hamda ushbu murojaatlarni ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan qo‘shimcha maʼlum qilinadi.

Qayd etish joizki, Milliy preventiv mexanizm joriy etilishini belgilovchi xalqaro va milliy qonunchilik hujjatlariga hamda yuqoridagi Qarorga ko‘ra, monitoring tashriflaridan ko‘zlangan asosiy maqsad harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlash shart-sharoitlarini o‘rganish va shart-sharoitlar yuzasidan axborotlarni jamoatchilikka eʼlon qilib borish deb belgilangan. Bunda, monitoring tashrifida maʼlum bir shaxsga oid maʼlumotlarni yoritish nazarda tutilmaydi, qolaversa, shaxsga doir maʼlumotlar qonun bilan ham himoya qilinadi.

 

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati