Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsmanning Jizzaxdagi mintaqaviy vakili Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan Maxsus qabulxona sharoitlarini o‘rgandi
2022 yil 19 may kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili O‘tkir Jo‘rayev Jizzax viloyat Ichki ishlar boshqarmasining Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan Maxsus qabulxonasiga monitoring tashrifini amalga oshirdi.

Maʼlum bo‘lishicha, Maxsus qabulxonaning sig‘imi 60 nafar shaxsga mo‘ljallangan bo‘lib, tashrif kuni kameralarda 52 nafar maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar saqlanayotganligi, shundan 50 nafari erkak, 2 nafari ayollar.

Maʼmuriy qamoqqa olinganlar Maxsus qabulxonaga qabul qilish chog‘ida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda qamoqqa olingan shaxslar haqida maʼlumot uning qarindoshlariga telefon orqali darhol xabar qilish yo‘lga qo‘yilgan.

Maʼmuriy qamoqqa olingan erkaklarni Maxsus qabulxonaning erkak tibbiy xizmat xodimlari tomonidan, Maxsus qabulxonada ayol xodimlar xizmat olib bormaganligi bois, ayollarni esa RSHTYOIM Jizzax viloyati filialining ayol xodimlari taklif qilinib sanitariya ishlovidan va shaxsiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Maxsus qabulxonada maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar bilan advokatlar uchrashuvi uchun bitta xona mavjud bo‘lib, stol-stullar bilan jihozlangan. Ushbu xonaga ovoz yozib oluvchi videokuzatuv moslamasi o‘rnatilgan. Shuningdek, mazkur xonada maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning yaqin qarindoshlari bilan ham uchrashuv o‘tkaziladi. Tashrif davomida, maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar bilan advokatlar uchrashuvi uchun ajratilgan xonadan videokuzatuv moslamasini olib tashlash va amaldagi qonunchilikka muvofiq qayta jihozlash tavsiya etildi. Shu bilan bir qatorda, maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning yaqin qarindoshlari bilan ham uchrashuv o‘tkazish uchun ham alohida xona ajratish lozimligi Maxsus qabulxona maʼmuriyatiga tushuntirildi.

Maxsus qabulxonada birinchi tibbiy yordam uchun 61 turdagi dori-darmonlar va tibbiy buyumlar mavjud. Barchasini yaroqlilik muddati o‘tmagan. Qabulxonaning har bir kamerasida hojatxonalar va yuvinish uchun sanuzellar mavjud bo‘lib, sanitariya-gigiyena ishlovlari o‘tkazib borilgan. Shuningdek, alohida cho‘milish xonasi ham mavjud.

Maxsus qabulxonada jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar “WORLD FRUITS” MCHJ bilan tuzilgan shartnomaga asosan, yozma roziligi olingan holda mehnatga jalb etiladi. Shartnomada har bir shaxs uchun bir kunlik ish haqi 50 ming 500 so‘m qilib belgilangan.

Tashrif davomida Maxsus qabulxonada saqlanayotgan ayollar bilan, shuningdek “Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish” kitobida tanasida tan jarohatlari qayd etilgan shaxslar bilan ichki ishlar organi xodimlarining ishtirokisiz holi suhbat o‘tkazildi, suhbat davomida ular tan jarohatlarini o‘zlari yiqilib olganliklarini maʼlum qilishdi.

Shu kuni Maxsus qabulxona xodimlariga “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi va “Maʼmuriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi Qonunlari yuzasidan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati