Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman: Samarqanddagi 60 o‘rinli maʼmuriy tartibda hibsga olingan shaxslarni saqlash uchun Maxsus qabulxonada 160 nafar shaxslar saqlanmoqda
Joriy yilning 20 aprel kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Diyor Husanov Viloyatidagi Maʼmuriy tartibda hibsga olingan shaxslarni saqlash uchun Maxsus qabulxonaga monitoring tashrifini amalga oshirdi. Unda “Yuksalish” umummilliy harakatining Samarqand viloyat bo‘linmasi bosh mutaxassisi D.Aʼzamov ham ishtirok etdi.

Monitoring tashrifi amalga oshirilgan kun holatiga ko‘ra qabulxonada 161 nafar hibsga olingan shaxslar saqlanmoqda. Ulardan 8 nafari ayol va qolgan 153 nafari erkaklar ekanligi aniqlandi.

Aslida 2020 yilda tashkil etilgan mazkur muassasaning sig‘imi 60 nafar shaxsga mo‘ljallangan. Lekin, amaliyotda 60 nafar emas 160 nafar shaxslar saqlanmoqda.

Maxsus qabulxonada saqlanayotgan shaxslarning yashash sharoitlari o‘rganilganda kamchiliklar aniqlandi va ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

Mahbuslar ovqatlari autsorsing xizmati asosida tasdiqlangan menyu asosida yetkazib beriladi.

Saqlanuvchi shaxslarning yuvinish xonalari yangidan qurilgan bo‘lib, bu bo‘yicha kamchilik aniqlanmadi.

Maxsus qabulxonada saqlanuvchi shaxslar uchun tibbiyot punkti mavjud bo‘lib, 23 turdagi birinchi tibbiy yordam uchun dori-darmonlar bilan taʼminlangan.

Maxsus qabulxonada jazo o‘tayotgan saqlanuvchi shaxslarning barchasi mehnatga layoqatli va ulardan 18  nafari ishga jalb etilgan. Shundan 16 nafari shartnoma bo‘yicha obyektlarda mehnatga jalb etilgan. Saqlanuvchi shaxslarning o‘rtacha ish haqi bir kunda 40500 so‘mni tashkil etadi.

Saqlanuvchi shaxslarning madaniy dam olishlari va yaqin qarindoshlari bilan uchrashishlari uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganilganda Maxsus qabulxonada madaniy dam olishlari uchun alohida xonalar ajratilgani va 10 nafar mahkumga mo‘ljallangan kutubxona mavjud ekani aniqlandi. Unda 150 ta turli badiiy va huquqiy adabiyotlar bor.

Shuningdek, monitoringda Maxsus qabulxonada saqlanuvchi shaxslarning yaqin qarindoshlari uchun tashkil etilgan uchrashuv xonalari ko‘zdan kechirildi. Qisqa muddatli uchrashuv xonalarining soni atiga 1 ta bo‘lib, bu 20 aprel holatiga ko‘ra saqlanayotgan 160 nafar mahkum uchun yetarli emas. Natijada ularning oila aʼzolari bilan uchrashuvlarni tashkil etishda uzoq navbatlar vujudga kelmoqda. Shu nuqtai nazardan Ombudsman mintaqaviy vakili tomonidan qisqa muddatli uchrashuv xonalarini ko‘paytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Maxsus qabulxonada saqlanuvchi shaxslarga 2 ta xonadan iborat telefon xonasi ajratilgan. Telefonlashish uchun to‘lov xizmati Maxsus qabulxona tomonidan to‘lanadi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati