Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning oliy qadriyati va muhim mezonidir
2022 yilning 23 fevral kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) institutining 27 yilligi munosabati bilan “Inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning oliy qadriyati va muhim mezonidir” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.

Ushbu xalqaro tadbirni tashkil etishdan maqsad yoshlarni, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy muhofaza qilish va ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini samarali monitoring qilish, Ombudsmanning jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni o‘tash muassasalariga “monitoring tashriflari”Ni amalga oshirish tizimini hamda qonun ijodkorligi faoliyatini takomillashtirishning dolzarb masalalarini muhokama qilish va bu boradagi milliy va xorijiy tajribalarni o‘rganish yuzasidan tadbir ishtirokchilariga maʼlumotlarni yetkazish hisoblanadi.

Konferensiyada Oliy Majlis Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Bosh prokuratura, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda qator davlat tashkilotlari vakillari, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi komissiya aʼzolari, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakili, UNISEFning O‘zbekistondagi vakili, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘linmasi, BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi hamda Rossiya, Serbiya, Vengriya, Turkiya, Tailand, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlari Ombudsmanlari shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari va OAV vakillari ishtirok etishdi.

Qayd etish lozimki, 1995 yil 23 fevral kuni MDH davlatlari orasidan O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib Ombudsman instituti joriy etilgan. O‘tgan davr mobaynida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) ko‘plab fuqarolarning jumladan harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘ldi. Bir qancha xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi, Xalqaro Ombudsman instituti, Yevropa Ombudsman instituti hamda Osiyo Ombudsmanlar Assotsiatsiyasi kabi xalqaro tashkilotlarning to‘la qonli aʼzosi bo‘ldi.

Shuningdek, jahondagi Ombudsman institutlari salohiyatini baholash bo‘yicha faoliyat yurituvchi Milliy inson huquqlarini himoya qilish muassasalarining Global alyansi tomonidan Ombudsman instituti “B” maqomga ko‘tarilib o‘zining o‘zining xalqaro pozitsiyasini mustahkamlab olgan.

Xalqaro tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, har kimning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishiga aylanganini alohida qayd etdi. Xususan, Harakatlar strategiyasi doirasida bu borada samarali islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, aholi murojaatlari bilan ishlash jarayoniga yangi mexanizmlarning tatbiq etilishi orqali qonun ustuvorligini taʼminlash, aholini qiynab kelgan muammolarni hal etish, qiynoqlarning oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, so‘z erkinligini mustahkamlash kabi qator yo‘nalishlarda salmoqli natijalarga erishildi.

Xususan, o‘tgan davr mobaynida Ombudsman vakolatlari ham kengayib, unga O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi ko‘rib chiqishi uchun qonunga muvofiq masalalar kiritish, fuqarolar manfaatlarini ko‘zlab arizalar va daʼvolar bilan sudlarga davlat boji to‘lamasdan murojaat etish, inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish, qonunchilik tashabbusi huquqi va boshqa huquqlar berildi.

Qolaversa, 2019 yilda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzurida qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm instituti joriy etildi va tegishli qonun hujjatlari bilan mustahkamlandi. Unga muvofiq Vakil qamoqda saqlash joylariga muntazam kirib turish orqali qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rishi belgilab berildi. Shu kunga qadar Ombudsman hamda jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 333 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirilgan.

Xalqaro konferensiya o‘z ishini seksiyalarga bo‘lingan holda olib bordi. Unda maqsad yoshlarni, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy muhofaza qilish va ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini samarali monitoring qilish, Ombudsmanning jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni o‘tash muassasalariga “monitoring tashriflari”Ni amalga oshirish  mavzulariga oid maʼruzalar tinglandi va muhokama etildi.

Xalqaro konferensiya yakunlariga ko‘ra, mahalliy va xalqaro ekspertlar tomonidan Ombudsman faoliyatini tartibga soluvchi qonun loyihasini xalqaro huquqning inson huquqlari sohasidagi umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiqlashtirishga va ularni muvaffaqiyatli amalga oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati