Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Yalpi majlisda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) hamda Bola huquqlari bo‘yicha vakilining 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi axborotlari maʼqullandi
2022 yil 15 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitdilar.

Mazkur masala dastlab siyosiy partiyalar fraksiyalari majlislarida batafsil muhokama qilingan edi. Muhokamalar jarayonida fraksiya aʼzolari tomonidan Ombudsman faoliyati ijobiy baholanib, uning fuqarolar murojaatlari bilan ishlashda deputatlar korpusi bilan hamkorlikni kuchaytirish, joylarda sayyor qabullarni tashkil etish hamda murojaatlarni ko‘rib chiqishda mutassadi tashkilotlar vakillarining eshituvlarini o‘tkazishga oid takliflari qabul qilingani bildirildi.

Majlisda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Feruza Eshmatova hisobot bilan so‘zga chiqdi.

Hisobot yilida Ombudsman nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 18738 ta murojaat kelib tushdi. Ushbu ko‘rsatkich 2020 yilda 14975 tani tashkil etgan.

Jumladan, fuqarolardan 16559 ta, tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalaridan 2120 ta, xorijiy davlatlardan 59 ta murojaat kelib tushdi.

2021 yilda Ombudsman tomonidan davlat organlari va idoralariga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan 36 ta xulosa (2020 yil 16 ta), 14 ta taqdimnoma hamda fuqarolarning manfaatlarini himoya qilib sudlarga 44 ta daʼvo arizalari kiritildi. Umumiy hisobda Ombudsmanning 2021 yilda taʼsir choralarini qo‘llashi natijasida uning samaradorligi 2020 yilga nisbatan 2,4 barobarga oshdi.

2021 yil davomida Ombudsman Kotibiyati xodimlari 108 marotaba sudlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi. Bu ko‘rsatkich 2020 yilda 32 marotabani tashkil etgan.

Maʼlumotlarga ko‘ra, Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida sudlarga 442 mln. so‘m mehnat haqini undirishga qaratilgan 43 ta daʼvo arizasi kiritilgan 62 nafar fuqaroga 787,8 mln. so‘mlik mehnat haqi to‘lanishi taʼminlangan 10 nafar fuqaro ishga tiklangan. 5 nafar fuqaro ish joyida mehnat qobiliyatini yo‘qotganligi uchun sog‘ligiga yetkazilgan 9,2 mln. so‘mlik zarar undirilgan, fuqarolarga 148 mln. so‘mlik kreditlarni rasmiylashtirishda ko‘maklashilgan.

Shuningdek, murojaatchilar foydasiga sud qarorlarida belgilangan 210,8 mln. so‘mlik zarar undirilgan. Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan 14 ta fuqaroga uy-joy ajratilgan. Tadbirkorlarga 145 mln. so‘mlik ortiqcha to‘langan soliq to‘lovlarini qaytarib berishda ko‘mak berilgan.

2021-yilda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan monitoring tashriflarini amalga oshirish tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilib, 177 marotaba ushbu tashriflar amalga oshirildi. 2020 yilda esa mazkur tashriflar 76 marotabani tashkil etgan.

Monitoring tashriflari davomida harakatlanish erkinligi cheklangan joylarda ushlab turilgan va saqlanayotgan 4,5 mingga yaqin shaxs bilan jamoaviy va 758 nafar shaxs bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi. 

Kengaytirilgan majlis davomida Ombudsmanning qonunchilikni takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish hamda Inson huquqlari bo‘yicha vakilning ochiqlik va shaffofligi yuzasidan maʼlumotlar ham taqdim etildi.

Shundan so‘ng Bola huquqlari bo‘yicha vakilning ham 2021 yilgi faoliyati bo‘yicha axboroti tinglandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2021 yilda Bolalar ombudsmani nomiga bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi to‘g‘risida jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillaridan, bolalar hamda ular qonuniy vakillari tomonidan 182 ta murojaat kelib tushdi. Hisobot davrida Bolalar ombudsmani tomonidan bola huquqlari va erkinliklarini taʼminlash yuzasidan 123 ta so‘rov davlat tashkilotlariga yuborildi.

Taʼkidlanganidek, Bolalar ombudsmani tomonidan bola huquqlarini taʼminlash yuzasidan yopiq, shaxslar o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan muassasalarda 31 ta monitoring o‘tkazildi. Monitoringlar 6 ta hududda Samarqand, Navoiy, Xorazm, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilib, 600 ga yaqin fuqarolar bilan uchrashilgan. 150 ga yaqin fuqarolar bilan yakka tartibda suhbatlashilgan.

Majlisda Ombudsmanning 2021 yildagi faoliyatiga doir hisobot tahliliy ko‘rib chiqildi. Shundan so‘ng muhokamalar davomida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda, deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni maʼqulladilar va tegishli qaror qabul qildilar.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati