Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Fraksiya Ombudcmanning faoliyatini qanday baholadi?
2022 yil 11 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, davlatimiz rahbarining 2021 yil 10 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha mustaqil institut sifatidagi ahamiyati oshdi, Ombudsman faoliyatining institutsional asoslari takomillashtirildi, fuqarolar huquq va erkinliklariga rioya etilishini taʼminlash borasidagi vakolati va hududlardagi ishtiroki kengaydi.

Tadbirda qayd etilganidek, 2021 yilda Ombudsman nomiga fuqarolardan 16559 ta, tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muasssasalaridan 2120 ta, xorijiy davlatlardan 59 ta murojaat kelib tushgan. Ularga tegishli tartibda huquqiy maslahat va tavsiyalar berilgan.

Shu bilan birga, Ombudsman tomonidan kiritilgan taqdimnomalar vazirlik va idoralarning kengaytirilgan majlislarida muhokama qilinib, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash hamda ijro intizomi talablarini buzgan va o‘z faoliyatida masʼuliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan 82 nafar xodimga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazo chorasi, 9 nafar xodimga nisbatan “jarima” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan, 8 nafar xodim egallab turgan vazifasidan ozod qilingan.

Deputatlar Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning faoliyati samaradorligini yana-da oshirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, bir qator takliflarni ilgari surdi.

Yig‘ilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan fraksiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi.