Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Bolalarni g‘arazli axborot xurujlaridan himoyalash bugunning dolzarb vazifasi
2022 yilning 8 fevral kuni Bola huquqlari bo‘yicha vakil A. Yunusova “Xalqaro xavfsiz internet kuni”ni munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi va UNISEF tomonidan tashkil etilgan davra suhbatida maʼruza bilan ishtirok etdi.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil bolalarni onlayn tahdidlardan himoya qilish va raqamli texnologiyalardan xavfsiz foydalanish sohasida Ichki ishlar vazirligi va UNISEF o‘rtasidagi hamkorlik rejalarini qo‘llab quvvatladi hamda o‘z munosabatini bildirdi.

Axborot xavfsizligi, mafkuraviy tahdidlarga qarshi kurashish bizning faoliyatimizda muhim ahamiyat kasb etmog‘i lozim. Bugun biz tez surʼatlar bilan o‘zgarib borayotgan, shiddatli va ayni paytda o‘ta murakkab zamonda yashamoqdamiz. Mutaxassislar bu tezkor davrni «ommaviy axborotlashuv» yoxud «globallashuv asri» deb atashmoqda. Boisi yer yuzining qaysidir bir chekkasida yuz bergan voqeadan bir necha soniya ichida butun dunyo ahli xabar topmoqda. Bu esa shubhasiz, hayotimizda internetning o‘rni va roli nechog‘li oshib borayotganidan dalolat beradi.

Maʼnaviy tahdid va yoshlar ongini egallashga qaratilgan axborot xurujlari kun sayin avj olmoqda. Axborot xurujlarining yolg‘on axborot tarqatish, ijtimoiy ongni manipulyatsiya qilish, milliy-maʼnaviy qadriyatlarni yemirish, mentalitetga mutlaqo yot bo‘lgan qadriyatlarni targ‘ib etish, xalqning tarixiy xotirasini buzish va o‘zgartirish, kiberterrorizm kabi turlari keng tarqalmoqda.

Jahonda kechayotgan bugungi murakkab vaziyatda jamiyatni turli axborot xurujlaridan himoya qilish barobarida, yurtdoshlarimizning quvonch va tashvishlarini xolis yoritib borish, yosh avlodni ezgu qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash, ajdodlarimizning boy maʼnaviy merosini asrab-avaylashga daʼvat etish har birimizning asosiy burchimizga aylanishi zarur.

Yurtimizda mazkur masalaga alohida eʼtibor qaratilib, bolalarni nosog‘lom axborotlardan himoyalash bo‘yicha bir qator qonun hujjatlari qabul qilindi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining "Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida"gi qonunining 16-moddasida bolaning axborot olish huquqi kafolatlari belgilandi. Unga ko‘ra, har bir bola o‘zining sog‘lig‘i, axloqiy va maʼnaviy kamol topishiga ziyon yetkazmaydigan axborotni olish, har qanday axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga egaligi belgilandi.

Shu bilan birga pornografiya, shafqatsizlik va zo‘ravonlikni namoyish etuvchi, inson qadr-qimmatini tahqirlovchi, bolalarga zararli taʼsir ko‘rsatuvchi va huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab bo‘luvchi ommaviy axborot vositalaridan foydalanish, adabiyotlarni tarqatish hamda filmlarni namoyish etish taqiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasining «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonuni bilan bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasidagi munosabatlar tartibga solindi.

«O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qonunlarda behayolik, shafqatsizlik va zo‘ravonlik haqida, inson qadr-qimmatini tahqirlovchi, bolalarga zararli taʼsir ko‘rsatuvchi va huquqbuzarliklar sodir etishlariga sabab bo‘luvchi adabiyotlar va filmlarni tarqatishni cheklovchi qator normalar mavjud bo‘lib, ushbu holat bo‘yicha jinoiy hamda maʼmuriy javobgarlik choralari belgilangan.

Bugungi globallashuv jarayonlarida axborot olamida qandaydir devor o‘rnatib bo‘lmasligi, biroq, farzandlarimizni chalg‘itishga, to‘g‘ri yo‘ldan toydirishga qaratilgan informatsion tahdidlardan, g‘arazli axborot xurujlaridan himoyalash choralarini ko‘rishimiz dolzarb vazifadir – dedi, Bolalar Ombudsmani.