Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
INSON QADRI – TARAQQIYOT STRATEGIYASINING ASOSI
Inson qadrini ulug‘lash, har kimning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishiga aylandi.

O‘tgan yillarda Harakatlar strategiyasi doirasida bu borada samarali islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, aholi murojaatlari bilan ishlash jarayoniga yangi mexanizmlarning tatbiq etilishi orqali qonun ustuvorligini taʼminlash,  aholini qiynab kelgan muammolarni hal etish, qiynoqlarning oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, so‘z erkinligini mustahkamlash kabi qator yo‘nalishlarda salmoqli natijalarga erishildi.

Qolaversa, jinoyat sodir etib, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan hamyurtlarimizning avf etilishi va ularning jamiyatga moslashishiga ko‘maklashish, “Mehr” operatsiyalari doirasida urush o‘choqlaridan ayollar va bolalarni qaytarish, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish borasidagi O‘zbekiston tajribasi xalqaro hamjamiyat tomonidan ko‘p bora eʼtirof etildi.

O‘tgan besh yilda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) instituti faoliyatida ham tub o‘zgarishlar ro‘y berdi. Xususan, Ombudsman faoliyatining qonunchilik bazasi mustahkamlanib, uning huquq va vakolatlari kengaydi, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm joriy etildi. Tabiiyki, bu chora-tadbirlar tufayli Ombudsmanning xalqaro maydondagi pozitsiyasi ham mustahkamlandi.

Shu kunlarda keng jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi loyihasida bu boradagi xayrli ishlarni izchil davom ettirish va yuqori bosqichga ko‘tarish bilan bog‘liq muhim taklif va tashabbuslar ilgari surilmoqda. Jumladan, inson qadrini ushbu jarayonning bosh mezoni sifatida belgilash maqsadida mahkumlar va jazoni o‘tab bo‘lgan shaxslarning mehnat, ijtimoiy taʼminot va xalqaro eʼtirof etilgan boshqa huquqlarini taʼminlash, ularning ijtimoiy moslashuvi va jamiyatga reintegratsiyasiga ko‘maklashishning samarali mexanizmlarini joriy etish, bu yo‘nalishda davlat va jamiyat institutlarining birgalikdagi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Shuningdek, fuqarolarga huquqiy taʼsir ko‘rsatish, shu jumladan, harakatlanish erkinligini cheklash bilan bog‘liq choralarni qo‘llashda qonuniylikni so‘zsiz taʼminlash hamda raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga ham ustuvorlik berilgan.

Jinoiy qonunchilikni liberallashtirish siyosatini izchil davom ettirish, jinoiy jazolar va ularni ijro etish tizimiga insonparvarlik tamoyilini keng joriy etish bilan birga qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmlarni takomillashtirish va ushbu yo‘nalishda maxsus qonun qabul qilish, jazoni og‘irlashtirish yoki yengillashtirishga oid normalarni qo‘llash jarayonidagi inson omilini bartaraf etish masalalari ham Taraqqiyot strategiyasining muhim maqsadlaridan sanaladi.

Kelgusida qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm doirasida harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga tashkil etilayotgan monitoring tashriflari orqali u yerdagi sharoitlarni xalqaro standartlarga moslashtirishga eʼtibor yana-da kuchaytiriladi. Qolaversa, qiynoqqa uchragan shaxslarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish, qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararning kompensatsiya qilinishini taʼminlash hamda uning tartibini ishlab chiqish borasida qator vazifalar belgilangan. Bu juda muhim. Zero, har qanday jabrlanuvchi qiynoq yoki shafqatsiz muomala uchun tezkor, adolatli va teng kompensatsiya olish huquqiga ega.

Taraqqiyot strategiyasi loyihasida yana bir muhim maqsadlardan biri sifatida davlat boshqaruvi organlari faoliyatini “fuqaroga xizmat qilishga yo‘naltirish” tamoyili asosida transformatsiya qilish vazifasi belgilangan. Bunda asosiy eʼtibor vazirlik va idoralar faoliyatining barcha yo‘nalishlarini “Davlat – xalq xizmatchisi” tamoyili asosida fuqaroga xizmat qilishga yo‘naltirishga qaratiladi. Ushbu masala nihoyatda katta ahamiyatga ega ekanini hayotning o‘zi yaqqol ifodalab turibdi. Buni Ombudsmanga kelib tushayotgan murojaatlar tahlilidan ham ko‘rish mumkin. Murojaatlarda  aholi tomonidan ko‘tarilgan masalalarning ko‘pchiligi aynan quyi ijro organlarining masʼuliyatsizligi va eʼtiborsizligi oqibatida kelib chiqayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Taraqqiyot strategiyasi doirasida Oliy Majlis faoliyatini yana-da takomillashtirish, qonun ijodkorligi faoliyatini demokratlashtirish va ularning ijrosini taʼminlashga qaratilgan parlament nazoratini kuchaytirishga ham ustuvorlik berilmoqda. Parlament tomonidan murojaatlar bilan ishlash holatini nazoratga olish, joylardagi ijro idorasi rahbarlari hisobotini eshitish, natijasiga muvofiq ularga nisbatan taʼsirchan choralar ko‘rish mexanizmining amalga oshirilishi parlament nazoratining taʼsirchanligini yana-da oshiradi. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili ham ushbu jarayonda faol ishtirok etib, parlament palatalari bilan hamkorlikni mustahkamlaydi. Jumladan, murojaatlar tahlili va o‘tkazilgan monitoring tashriflari orqali mutasaddi tashkilotlar rahbarlarining eshituvlarini tashkil etish, sayyor qabullar uyushtirish bilan birga qonun tashabbuskorligi huquqidan keng foydalanadi. Oshkoralik va ochiqlik tamoyillari faoliyatimiz asosi bo‘ladi.

Maʼlumki, o‘tgan yili Prezidentimiz tashabbusi bilan Parlamentimiz tomonidan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya ratifikatsiya qilingan edi. Mazkur Konvensiya nogironligi bo‘lgan shaxslarning tenglik asosida barcha huquqlarini to‘liq amalga oshirishni rag‘batlantirish, himoya qilish va taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatli. Endilikda nogironligi bo‘lgan shaxslarga yetarli shart-sharoitlarni  yaratish borasidagi xalqaro majburiyatlarning bajarilishiga alohida eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq. Bunda imkoniyati cheklangan shaxslarning mavjud sharoitlardan foydalanishi, shaxsiy harakatlanish, sog‘liqni saqlash, taʼlim, bandlik, abilitatsiya va reabilitatsiya, tenglik va kamsitmaslik kabi qator muhim masalalar qamrab olinishi lozim.

Taraqqiyot strategiyasi loyihasida aholi uchun majburiy ijtimoiy kafolatlarni taʼminlash, ehtiyojmand qatlamlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida aholining muhtoj qismini zamonaviy protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlash darajasini 60 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda. Nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich o‘tish ko‘zda tutilgan. Mamlakatda yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi daromadlarini oshirish yo‘nalishida imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini uch  baravar oshirish vazifasi ham eʼtibordan chetda qolmagan.

Inson huquqlarini himoya qilish uzluksiz davom etadigan jarayon ekanligi nuqtai nazaridan xulosa sifatida aytish mumkinki, Yangi O‘zbekisonning Taraqqiyot strategiyasida mamlakatimiz inson qadrini yuksaltirish borasida kelgusi besh yillik uchun muhim vazifa va maqsadlarini belgilab olgan. Ularni amalga oshishi uchun esa har birimiz masʼuldirmiz. Zero mamlakatimiz kelajagi va rivoji uchun hamjihatligimiz va birdamligimiz muhimdir.

Feruza ESHMATOVA,

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)