Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsmanning) 2021 yilning birinchi yarim yillikdagi faoliyati yuzasidan brifing tashkil etildi
2021 yilning birinchi yarim yilligida Vakil nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 9 632 ta murojaat qabul qilindi 2020 yilning huddi shu davrida bu ko‘rsatgich 6 484 tani tashkil etgan. Shundan, shaxsiy qabulda 723 ta, sayyor qabullarda 83 ta, pochta va telegraf aloqasi orqali 3 812 ta, “Ishonch telefoni” orqali 1 580 ta, Ombudsmanning jazoni ijro etish muassasalarida o‘rnatigan murojaatlar qutilari orqali 303 ta, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi orqali 1 582 ta murojaatlar kelib tushgan. Murojaatlarning qolgan qismi takroriy murojaatlarga to‘g‘ri keladi.

Murojaatlarning 39,9 foizi fuqaroning shaxsiy huquq va erkinliklariga, 30,4 foizi ijtimoiy, 24 foizi iqtisodiy, 5,1 foizi siyosiy va 0,4 foizi ekologik huquqlarga tegishlidir.

Hududlar kesimida eng ko‘p murojaat Toshkent shahri aholisidan bo‘ldi – 1263 ta. Bu ko‘rsatkich Qashqadaryo viloyatida 1093 tani, Surxondaryo viloyatida 873 tani, Toshkent viloyatida 729 tani, Samarqand viloyatida 600 tani tashkil etdi, eng kam murojaatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida 159 ta va Navoiy viloyatida 192 ta qayd etildi.

Murojaatlar mohiyati va mazmunini o‘rganish yakunlari bo‘yicha 983 nafar murojaat etuvchining huquq va erkinliklarini amalga oshirish bo‘yicha keyingi chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil huquqiy maslahat va tavsiyalar berildi, shuningdek tegishliligi bo‘yicha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlarga 2 653 ta xatlar yuborildi. Parlament nazorati subyekti sifatida Ombudsman tomonidan salkam 6 mingta murojaat o‘z ish yurituviga olindi.

O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq murojaatni ko‘rib chiqqan davlat organi belgilangan muddatlarda javob yuborishi, murojaatda ko‘rsatilgan har bir masala bo‘yicha dalil-isbotlarni asoslashi yoki rad etishi shart. Mazkur talablarga rioya qilmaslik takroriy murojaatlar soni oshishiga olib keladi.

Joriy yilning 6 oyi davomida “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunning 16–17-moddalariga muvofiq Ombudsman tomonidan fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan tavsiyalar berilgan

22 ta xulosa hamda 9 ta taqdimnoma kiritildi va ularning barchasi qanoatlantirildi. Bundan tashqari, sudga 6 ta daʼvo arizasi kiritilgan.

Ombudsman tomonidan kiritilgan taqdimnomalar vazirlik va idoralarning kengaytirilgan majlislarida muhokama qilingan. Mazkur muhokamalar yakuni bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash hamda ijro intizomi talablarini buzgan va o‘z faoliyatida masʼuliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan 77 nafar xodimga nisbatan “Hayfsan” 6 nafar xodimga nisbatan “Jarima” intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan va 5 nafari egallab turgan vazifasidan ozod qilingan.

2021 yilning birinchi yarim yilligida shaxsiy huquq va erkinliklarni amalga oshirish masalasi bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Ombudsman murojaatiga asosan tegishli tashkilotlar tomonidan 13 ta jinoiy, 4 ta maʼmuriy va 8 ta intizomiy ish qo‘zg‘atildi, masʼul mansabdor shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berish uchun 23 ta tekshiruv o‘tkazildi, 16 nafar davlat idoralari xodimlari turli darajadagi javobgarliklarga tortildi, sud qarorlariga nisbatan prokuratura organlari orqali 2 ta protest kiritildi hamda murojaat qiluvchilar manfaatlarini ko‘zlab jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi 26 ta qaror bekor qilindi.

Ombudsman xodimlarini sudda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishini so‘rab yozgan murojaatlariga asosan hisobot4 davrida 45 marotaba sud jarayonlarida ishtirok etilgan.

2021 yilning birinchi yarim yilligida Ombudsman manziliga fuqarolarning siyosiy huquqlarini taʼminlash bilan bog‘liq murojaatlar 221 tani tashkil etdi. Kelib tushgan shikoyatlar fuqarolarning davlat organlari va muassasalariga murojaat qilish huquqlari bilan bog‘liq bo‘lib, 99 ta shikoyatda masʼul mansabdor shaxslar tomonidan eʼtiborsiz qoldirilishi, 14 ta shikoyatda ko‘rib chiqish muddatlarining buzilishi va 39 ta shikoyat davlat organlari va muassasalari javoblarining mazmunidan qoniqmaslik va boshqa holatlar bayon etilgan.

Shu bilan birga, Ombudsmanga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish va undan chiqish bilan bog‘liq 32 ta murojaat, saylash va saylanish huquqlari bilan bog‘liq 8 ta murojaat kelib tushgan.

Hisobot davrida Ombudsman manziliga fuqaroning iqtisodiy huquq va erkinliklarini taʼminlash bilan bog‘liq 1 781 ta murojaat kelib tushgan. Toifalar nuqtai nazaridan olganda 587 ta murojaat fuqarolarning shaxsiy mulkka bo‘lgan huquqlarini, 440 tasi mehnat huquqlarini taʼminlash, 352 tasi tadbirkorlik faoliyati erkinligi va uni rag‘batlantirish, 297 tasi fuqarolarning iqtisodiy huquq va erkinliklarini sudda himoya qilish, 93 tasi fuqarolarning iqtisodiy huquqlari va erkinliklari sohasidagi sud qarorlari ijrosi taʼminlanmayotganligi xususida bo‘lgan.

Murojaatlarni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha sudlarga deyarli 98 mln. so‘m mehnat haqini undirishga qaratilgan 5 ta daʼvo arizasi kiritildi, 24 nafar fuqaroga 345,8 mln. so‘mlik mehnat haqi to‘lanishi taʼminlandi, 10 nafardan ortik fuqaro ishga tiklandi, 2 nafar fuqaroga ish joyida mehnat qobiliyatini yo‘qotganligi uchun 4,4 mln. so‘mlik sog‘ligiga yetkazilgan zarar undirildi, shuningdek fuqarolarga 108 mln. so‘mlik kreditlarni rasmiylashtirishda ko‘maklashildi, murojat etuvchilar foydasiga sud qarorlarida belgilangan 164,8 mln. so‘mlik zarar undirildi, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan 9 ta fuqaroga uy-joy ajratilishida yordam berildi, tadbirkorlarga 135 mln. so‘mlik ortiqcha to‘langan soliq to‘lovlarini qaytarib berishda ko‘mak ko‘rsatilgan.

Joriy yilning birinchi yarim yilligida kelib tushgan 261 ta murojaatlarning 146 tasida tadbirkorlar va fermerlarning mulklari asossiz olib qo‘yilganligi, 35 tasida egalik qilish, doimiy foydalanish yoki vaqtinchalik foydalanish huquqida tegishli bo‘lgan yer uchastkasiga teng bo‘lgan boshqa yer uchastkasi berilmaganligi, 28 tasida fuqarolar o‘z vaqtida boshqa turar-joy bilan taʼminlanmagan holda ulardan turar joyi olib qo‘yilganligi hamda 52 tasida yetkazilgan zararning o‘rni bozor qiymati bo‘yicha oldindan va to‘liq qoplanmagunga qadar olib qo‘yilganligi holatlari bayon etilgan.

Fuqarolar murojaatidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga mulk huquqiga doir 1 ta masala kiritildi.

2021 yilning 6 oyida Ombudsman manziliga fuqarolarning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqlari bilan bog‘liq 129 ta murojaat kelib tushdi.

Mazkur murojaatlarning 68 tasi kafolatlangan tibbiy yordam olish, 20 tasi tibbiyot xodimlarining faoliyatining samaradorligini oshirish hamda 6 tasida tibbiyot xodimlarining noto‘g‘ri tashxisi natijasida fuqaroning sog‘ligi yomonlashganligi holatlari keltirib o‘tilgan va 35 tasida boshqa holatlar taʼkidlangan.

Joriy yilning 6 oyi davomida oilani himoya qilish bilan bog‘liq 142 ta murojaat kelib tushgan. Shulardan 62 tasida oiladagi zo‘ravonlik, 5 tasida bolalarning boshqa ota yoki onaga berilganligi, 3 tasida turmush o‘rtog‘ining yaqin qarindoshlari tomonidan tahqirlanishi va 72 tasida boshqa holatlar taʼkidlangan.

Ombudsman hamda Ombudsman huzuridagi milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat ko‘rsatuvchi jamoatchilik guruhi vakillaridan iborat ekspert guruhi tomonidan 2021 yilning birinchi yarim yilligida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 71 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi. 2020 yil yakunlari bo‘yicha 76 marotaba monitoring tashrifi o‘tkazilgan edi.

Ushbu tashriflarda Ombudsmanning o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil, O‘zbekiston Respublikasi parlamenti aʼzolari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz va Respublika Bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi, shuningdek “Yuksalish” umummilliy harakati, “Demokratiya va inson huquqlari instituti”, “Ezgulik”, “Gumanitar huquqiy markaz” hamda “Huquqiy tayanch” nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari va jamoatchilik faollari hamda OAV ishtirok etdi.

Joriy yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan monitoring tashriflari davomida ikki yarim mingdan ortiq mahkum bilan jamoaviy uchrashuvlar hamda 667 nafar mahkum bilan yakka tartibda suhbat o‘tkazildi.

O‘tkazilgan monitoring tashriflari davomida mahkumlarni qamoqda saqlash sharoitlari, yaʼni yashash va ovqatlanish, mehnat qilish va tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati, mahkumlar uchun olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar hamda koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotganligi, taʼlim-tarbiya berish va boshqa shu kabi holatlar o‘rganildi.

2021 yilning birinchi yarim yilligida Ombudsmanga harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylardagi shaxslardan hamda ularning yaqin qarindoshlaridan 1 173 ta murojaat kelib tushdi. Fuqarolar murojaatlarining 492 tasi sud hukmidan, 281 tasi surishtiruv va dastlabki tergov harakatlarining borishidan shikoyat qilgan.

Murojaat qilganlarning 227 tasi sud hukmini yengillashtirish, 61 tasi oila aʼzolariga ko‘mak berish, 47 tasi Ombudsman bilan uchrashuv, 37 tasi boshqa muassasaga o‘tkazish va 28 tasida tibbiy yordam ko‘rsatishni so‘rashgan.

Shuningdek, Ombudsman tomonidan qonunchilikni yana-da takomillashtirishga oid O‘zbekiston Respublikasining 23 ta qonun loyihasi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining 76 ta moddasiga takliflar berildi.

Hisobot davrida Inson huquqlari bo‘yicha vakili jami 44 ta normativ-huquqiy hujjatlar va qonun loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazdi.

Hisobot davrida Vakil tomonidan inson huquq va erkinliklarini himoya qilishdagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, 3 ta xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi elchilari hamda O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan 10 ga yaqin xalqaro tashkilot vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, xalqaro hamkor tashkilotlar ko‘magida 5 ta (jami 250 dan ortiq shaxs ishtirokida) tadbir tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida 1 ta xalqaro konferensiya tashkil etilib, unda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkiya, Turkmaniston davlatlari Ombudsmanlari bilan o‘zaro tajriba almashilindi va hamkorlik istiqbollari kelishib olindi.

Shu bilan birga, Ombudsman xorijda tashkil etilgan 4 ta xalqaro konferensiyada ishtirok etdi. Jumladan joriy yilning 24 iyun kuni Moskva shahrida o‘tkazilgan Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansining V-yig‘ilishida ishtirok etib, uning doirasida Rossiya Federatsiyasi, Armaniston, Qozog‘iston, Serbiya, Tojikiston, Mongoliya va Qirg‘iziston Respublikasi ombudsmanlari bilan tor doiradagi uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, joriy yilning 17-21 may kunlari Rossiya Federatsiyasida o‘tkazilgan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Rossiya Federatsiyasidagi huquqlari: mehnat migrantlari va ularning oila aʼzolari" mavzusidagi O‘zbekiston - Rossiya forumi” da ishtirok etdi hamda tashrif doirasida Rossiyada mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining qabuli o‘tkazilib, ularning muammolari o‘rganildi.

Hisobot davrida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti, Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi va “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzoladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan jami 600 dan ortiq ommaviy axborot vositalarida chiqishlar qilindi.