Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi manzil-koloniya va tergov hibsxonalariga monitoring tashrifi amalga oshirildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Kotibiyatining Qiynoqlarning oldini olish faoliyatiga ko‘maklashuvchi sektor xodimlari va jamoatchilik guruxi aʼzolari tomonidan Jizzax viloyatining Jizzax shahridagi 29-son, Zafarabod tumanidagi 30-31–son Manzil koloniyalari, Jizzax shahar va Sharof Rashidov tumani IIO FMB Vaqtincha saqlash hibsxonalari hamda Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanidagi 39-son, Guliston tumanidagi 40-son Manzil-koloniyalariga, shuningdek, Xovos shahridagi 8-son Tergov hibsxonasiga navbatdagi monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Monitoring tashrifi davomida ushbu koloniyalarda mahkumlarga yaratilgan shart sharoitlar o‘rganildi. Jumladan, intizomiy bo‘linma, yuvinish xonalari, mahkumlarning yotoq joylari hamda oshxonalarning sanitariya-gigiyena talablariga javob berishi holatlari ko‘zdan kechirildi. Shundan so‘ng, koloniyalardagi uzoq muddatli uchrashuv xonalari, huquqiy, diniy va badiiy adabiyotlar bilan jamlagan kutubxonalar hamda mehnat qilish va bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish uchun yaratilgan boshqa sharoitlar o‘rganildi. Mazkur koloniyalarda mahkumlar uchun qoniqarli sharoitlar yaratilgan. Kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Mahkumlar bilan o‘tkazilgan suhbatlar davomida ham koloniyadagi shart-sharoitlar yuzasidan shikoyatlar kelib tushmadi.

Shuningdek, koloniyalardagi Tibbiyot bo‘linmalari va mahkumlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish holati ham o‘rganilib, karonavirus infeksiyasi bilan zararlanish xavfi mamlakatimizda saqlanib qolayotgani sababli, ajratilishi zarur bo‘lgan dori-darmonlar taʼminoti tekshirildi. Ushbu Manzil koloniyalarda ham tibbiyot xodimlari yetishmasligi maʼlum bo‘ldi.

Monitoring doirasida, “Ombudsman qutisi” ko‘zdan kechirildi. Mahkumlar tomonidan qoldirilgan murojaatlar aniqlanmadi.

Tashrif davomida koloniyalardagi 37 nafar mahkum bilan shaxsiy hamda 150 nafardan ortiq mahkum bilan ommaviy qabullar o‘tkazildi. Mahkumlar tomonidan tergov harakatlari va sud hukmi yuzasidan shikoyatlar qabul qilinib, kerakli huquqiy tushuntirishlar berildi.

Jamoatchilik guruhi aʼzolari Jizzax shahar va Sharof Rashidov tumanlarining IIO FMB Vaqtincha saqlash hibsxonalari hamda Sirdaryo viloyati, Xovos shahridagi 8-son Tergov hibsxonasiga o‘tkazgan o‘rganishlari davomida, ushbu muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yotoq joylari, yuvinish xonalari, hojatxonalar, ularga berilayotgan ovqatlarning sifati ko‘zdan kechirildi.

Bundan tashqari, ushlab turilgan jami 66 nafar shaxs bilan yakka tartibda suxbatlashilib, ular tomonidan ham sud tergov qarorlariga nisbatan shikoyatlar qabul qilindi.

O‘rganishlar davomida bir qator kamchiliklar aniqlanib, mutasaddilarga ushbu kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish borasida Ombudsman tomonidan monitoring tashriflari davom ettiriladi.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati