Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
OMBUDSMAN: mamlakat fuqarolarining huquqlari xorijda ham birdek himoya qilinishi lozim
Bugungi kunda Ombudsman instituti hozirgi zamon demokratik jamiyatining hayotida muhim o‘rin tutadi. Bu – bejiz emas, chunki Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) jamiyat taraqqiyotiga bevosita taʼsir etuvchi bir qator vazifalari bor, ularni samarali amalga oshirilishi, avvalo, mamlakatimizda fuqarolik jamiyatining rivoj topishiga, odamlarning davlatga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Ayniqsa so‘nggi yillardagi Ombudsman faoliyati davlat va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda  muhim rol o‘ynadi.

Shu boisdan bugun Ombudsman instituti O‘zbekistonda ijro hokimiyati faoliyatida qonuniylikni mustahkamlashning muhim omiliga aylandi.

Bunda ayniqsa, bevosita fuqarolarning murojaatlariga asoslangan holda ularning buzilgan huquqlarini tiklash, manfatlarini himoya qilish muhim o‘rin tutadi. Bu esa nafaqat mamlakatimizning o‘zida, balki undan tashqarida ham hamyurtlarimizning huquqlarini himoya qilish lozimligini anglatadi.

Shu o‘rinda aytish joizki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda tashqi mehnat migratsiyasi sohasini sifat jihatdan yangi darajaga ko‘tarish bo‘yicha samarali islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar va ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hukumat tuzilmasi – Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti  tashkil etildi.

Shu bilan bir qatorda mehnat migrantlariga ko‘p kvartirali uylar ajratish, miqdori 2 mln so‘mgacha bo‘lgan mikroqarzlarni tezkor rasmiylashtirgan holda bir bank kuni ichida taqdim etish, mehnat migrantlari hayoti va salomatligini sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta badallarini qoplash uchun subsidiyalar ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

 Chet elda qiyin vaziyatga tushib qolgan fuqarolarda to‘lanadigan moddiy yordam bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan ikki baravarigacha oshirildi.

Chet elda mehnat faoliyatini yakunlab qaytgan shaxslarning tadbirkorlik faolligini rag‘batlantirish maqsadida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida subsidiyalar to‘lanishi belgilandi.

Maʼlumotlarga ko‘ra, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va uning xorijiy davlatlardagi  vakolatxonalari orqali xorijda ishlayotgan 105 187 nafar mehnat migrantitga huquqiy, moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatilib, 348,1 ming AQSH dollari miqdoridagi ish haqlari undirib berilgan.

Shuningdek, 651 nafar mehnat migrantiga “birgamiz.com” portali orqali Agentlik tomonidan to‘g‘idan-to‘g‘ri yo‘naltirilgan bir martalik moddiy, 459 nafariga oziq-ovqat va naqd pul ko‘rinishida yordam ko‘rsatilgan. Boshpanasiz qolgan 81 nafar mehnat migranti xostellarga joylashtirilib, 55 nafar og‘ir vaziyatga tushib qolgan, 34 nafar Rossiya Federatsiyasi IIV Vaqtinchalik saqlash markazlarida saqlanayotgan mehnat migrantlari va 120 nafarga yaqin vafot etgan fuqarolarning jasadlari Vataniga qaytarib olib kelingan.

 Ombudsmanning O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi tarkibida joriy yilning 17-21 may kunlari Rossiya Federatsiyasiga qilgan xizmat safari ham bu yo‘nalishda qo‘yilgan navbatdagi qadam bo‘ldi. Ushbu tashrifning ahamiyati shundaki, safar doirasida ikki mamlakat inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi va bu boradagi aniq rejalar belgilandi. Shu bilan birga, Rossiyada mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining qabuli o‘tkazilib, ularning muammolari o‘rganildi.

Aslida, mehnat migratsiyasi masalari ham migrantlarni yuborayotgan va ularni qabul qilayotgan mamlakatlar iqtisodiyoti uchun juda muhim. Zero, aksariyat migrantlarni qabul qiluvchi mamlakatlarda mehnat muhojirlari bozor ehtiyojlariga bo‘lgan talabni qondiradi, demografiyaga oid past ko‘rsatkichlarning o‘rnini to‘ldiradi va ishchi kuchi qisqarishini kamaytiradi. Agar ularning muayyan qismi o‘z bisnesini yo‘lga qo‘ysa, bu qabul qiluvchi mamlakat iqtisodiyoti rivojiga xizmat qiladi. Qolgan ishchi qatlam ham soliq va majburiy to‘lovlarni amalga oshirib, o‘sha mamlakat xazinasini boyitadi. O‘z navbatida, pul topish uchun chet davlatlarga ketgan fuqarolar o‘z Vatanida qolgan oilalari va qarindoshlariga mablag‘ jo‘natish orqali valyuta oqimini shakllantiradi. Shunday ekan, mehnat muxojirlari huquqlarini himoya qilish – har ikki tomon uchun manfaatli masala. O‘zbekiston delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga qilgan tashrifining yana bir ahamiyatli tomoni ham shunda.  

Hozirda Rossiya Federatsiyasi hududida bir yarim millionga yaqin O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilayotganligini va ular bilan bog‘liq juda ko‘p masalalar paydo bo‘layotganligini hisobga olsak, mehnat muxojirlari huquqlari himoyasi mamlakimizning tegishli idoralari qatori Ombudsmanga ham qanchalik katta masʼuliyat yuklayotganini anglash qiyin emas.

Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolari bilan suhbatlar chog‘ida yurtdoshlarimiz Vataniga imkon qadar tez qaytish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish, bank kreditlari va jarimalar bo‘yicha qarzdorlikni qoplash, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni tiklashda ko‘mak ko‘rsatish kabi muammolarni ko‘tardilar. Shuningdek, mehnat hujjatlarini rasmiylashtirish va  boshqa qator masalalar ham murojaatlarda alohida qayd etildi. 

Aslida, hamyurtlarimiz RFda duch kelayotgan shu kabi muammolarning tub negiziga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ularning asosiy sababi – mehnat migrantlarining huquqiy savodxonlik darajasining yetarli emasligi ko‘zga tashlanadi. Avvalo, mamlakatda bo‘lib turish muddatlariga og‘ishmay amal qilish talab etiladi. Chunki, ko‘pgina O‘zbekiston fuqarolari aynan shu muddatlarni turli sabablar bilan buzilishiga ko‘ra, RFdan chiqib ketishga majbur bo‘lishadi. Bundan avval esa sud bo‘ladi, so‘ng migrant vaqtincha joylashtirish markazida saqlanadi, keyin esa mamlakatdan chiqarib yuboriladi.

Bularning barchasi kuchli stress holatiga olib kelishi turgan gap.  Oqibati esa undan ham yomon: RF hududida bo‘lib turish muddatining bir kunga buzilishi bu - mamlakatga bir yoki ikki yil kelolmaslikka sabab bo‘ladi. Bu kabi muammolarning oldini olish uchun esa avvalo, huquqiy savodxonlik,  huquqiy madaniyatni yuksaltirimiz lozim.  Bu borada zudlik bilan aniq amaliy ishlarni qilishimiz talab etiladi.

Shu bilan bir qatorda ikki davlatning mehnat migratsiyasiga oid qonun hujjatlari izchil takomillashtirilishi, bu jarayonda har ikki tomon manfaatlari teng ko‘zda tutilishi lozim. Bugungi kunda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda Rossiya Federatsiyasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolangan.Memorandum doirasida yordamga muhtoj fuqarolarga amaliy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.

 Umuman, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Rossiya Federatsiyasi hamda mamlakatimizga yaqin qo‘shni davlatlardagi inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari o‘rtasidagi hamkorlikning kuchaytirilishi, bu borada to‘plangan tajriba bilan o‘rtoqlashish, xalqaro tajribani o‘zimizda qo‘llash fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimini yana-da takomillashtirish, pirovardida ularning huquqlarini, joyidan qatʼiy nazar – u hoh mamlakatimiza, hoh undan tashqarida bo‘lsin – yuqori darajada himoyalashga xizmat qiladi.

 Feruza ESHMATOVA,

Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)