Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni
Bola huquqlari bo‘yicha vakilning bayram tabrigi

Aziz do‘stlar, bolalar, yosh avlod!

Sizlarni Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bilan chin qalbdan muborakbod etaman. Har birimiz uchun eng yorqin, eng pokiza va go‘zal xotiralar bevosita bolalik davri bilan bog‘liq. Ushbu davr har biringiz uchun butun dunyo chegarasiz, osmon esa cheksiz ko‘rinadigan bir davrdir, shuningdek, ushbu davr siz mo‘jizalarga chin dildan ishonadigan va har bir boshlanadigan yangi kundan zavqlanib yashaydigan vaqtingizdir. Vaqt o‘tgani sayin bolalik bilan bog‘liq hissiyotlar maʼlum maʼnoda insondan uzoqlashishi mumkin, biroq biz hayotimiz davomida bolalik taassurotlarini har doim ich-ichimizdan his qilamiz. Shu sababli, ushbu bayram nafaqat yosh avlod uchun, balki yosh avlodni har tomonlama va barkamol rivojlanishi uchun masʼul bo‘lgan shaxslar uchun ham ahamiyatlidir.

Ushbu bayram bizning bolalar oldidagi masʼuliyatimizni yana-da oshirib, uning yashash, taʼlim olish, dam olish va bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazish bilan bog‘liq huquqlarini taʼminlash, ularni turli xil jismoniy va psixologik zo‘ravonliklardan, majburiy mehnatdan himoya qilish zarurligini eslatib turadi. Zero, bola huquqlarini taʼminlash va kafolatlash insonparvar va adolatli jamiyatni shakllantirish uchun zarur shart-sharoit sifatida namoyon bo‘ladi..

Bugungi jamiyatimiz oldida turgan asosiy vazifa – farzandlarimizni aqlli, odobli, bilimli qilib tarbiyalashdan iboratdir. Ular ishonchli himoya ostida bo‘lishlari va o‘z hayotini muakkammal darajada yo‘lga qo‘yishlari uchun biz barcha chora-tadbirlarni amalga oshirishimiz lozim. Yurtimizda iqtidorli bolalar juda ko‘p. Aziz bolalarim bayram muborak bo‘lsin, barcha ishlaringizga omad va zafarlar, hayotingizga esa baxt, quvonch va sog‘lik tilab qolaman! Kattalarning eʼtibori va g‘amxo‘rligi, mehri va qaynoq tafti doimo hamrohingiz bo‘lsin.

Yosh avlodning sog‘lom, baxtli bo‘lishi, maʼnaviy va axloqiy jihatdan rivojlanishi, shuningdek jamiyat uchun foydali inson bo‘lib voyaga yetishida o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

 Aliya YUNUSOVA

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (Ombudsman) o‘rinbosari - Bola huquqlari bo‘yicha vakil