Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
OMBUDSMAN VA YEXHT TOMONIDAN RESPUBLIKA BO‘YLAB O‘TKAZILADIGAN SEMINAR-TRENINGLARGA START BERILDI
Joriy yilning 7-8 aprel kunlari Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT)ning O‘zbekistondagi loyihalari Koordinatori bilan hamkorlikda “Mahkumlarning va qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va xalqaro-huquqiy normalar” mavzusida hududiy seminar o‘tkazildi.

Davlat rahbari tomonidan 2020 yil 29 dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida hamda 2021 yilgi davlat Dasturida qiynoqlarning oldini olishda Ombudsman tomonidan har chorakda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni o‘tash muassasalariga “monitoring tashriflari” tizimi yo‘lga qo‘yilishi kerakligini alohida taʼkidlagan edi. Hozirda Murojaatnomada va 2021 yilgi davlat Dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida,  Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) va uning huzurida faoliyat ko‘rsatuvchi jamoatchilik vakillaridan iborat bo‘lgan Ekspert guruhi, shuningdek, Vakilning hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan muntazam ravishda yopiq muassasalarga monitoring tashriflari OAV ishtirokida amalga oshirilmoqda.

Qayd etish lozimki, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi Milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat olib boruvchi qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik vakillaridan iborat bo‘lgan Ekspert guruhi tomonidan 2019-yildan buyon monitoringlar o‘tkazib kelinmoqda.

Bu orqali esa jazoni ijro etish muassasalari, tergov xibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarda inson huquqlarining taʼminlanishi bo‘yicha Parlament va jamoatchilik nazorati o‘rnatilishiga erishilmoqda. Joriy yilning birinchi choragi davomida Milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat ko‘rsatuvchi jamoatchilik vakillaridan iborat ekspertlar guruhi tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga yigirma beshga yaqin monitoring tashrifi amalga oshirildi. O‘rganishlar davomida ming nafardan ortiq mahkum bilan jamoaviy uchrashuvlar hamda 217 nafar mahkum bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.

Monitoring tashriflari davomida mahkumlarni qamoqda saqlash sharoitlari, yaʼni yashash va ovqatlanish, mehnat qilish va tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati, mahkumlar uchun maʼnaviy-maʼrifiy ishlar hamda koronavirus pandemiyasi davrida sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotgani, taʼlim-tarbiya berish va boshqa shu kabi holatlar o‘rganilgan.

Shu nuqtai nazardan, mazkur monitoring tashriflarining yuqori saviyada tashkil etilishi hamda ekspert guruhi aʼzolarining bu boradagi bilimlarini mustahkamlash, ularning tergov izolyatori va jazoni ijro etish muassasalarida o‘rnatilgan tartib va talablar, shuningdek qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha xalqaro-huquqiy normalar haqida xabardorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT)ning O‘zbekistondagi loyihalari Koordinatori bilan hamkorlikda respublika bo‘ylab o‘quv seminarlar o‘tkazilishi belgilangan.

Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan seminarda Ombudsmanning Surxondaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili, viloyatdagi sudyalar, prokuratura, ichki ishlar, advokatlar palatasi, sog‘liqni saqlash va xalq taʼlimi organlaridan jami 25 nafar vakillar ishtirok etishdi.

Tadbirda seminar ishtirokchilariga jazoni ijro etish tizimida hamda ushlab turilgan, qamoqqa olingan va ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlari qo‘llanilishini oldini olish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida axborot berildi.

Shuningdek, YEXHTning qiynoq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazolarni taqiqlash bilan bog‘liq standartlari hamda yopiq turdagi muassasalarda inson huquqlariga rioya etilishi ustidan olib boriladigan jamoatchilik nazorati bo‘yicha xorij tajribasi o‘rganildi.

O‘quv seminar davomida ishtirokchilarga bilim va ko‘nikmalarining amaliyotda qo‘llanilishi hamda qiziqtirayotgan boshqa savollariga ham javoblar berib o‘tildi.

Seminar yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

“Mahkumlarning va qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va xalqaro-huquqiy normalar” mavzusidagi navbatdagi  hududiy seminarlar Qashqadaryo, Xorazm hamda Toshkent viloyatilarda tashkil etiladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot