Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Bola huquqlari bo‘yicha vakil Xorazm viloyatidagi bolalar uyi tarbiyalanuvchilari bilan uchrashdi
Joriy yilning 17 mart kuni Xorazm viloyati, Xiva shahridagi Bolalar shaharchasida “Men emas, biz uddalaymiz” shiori ostida forum tashkil qilindi. Forumda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari, Bola huquqlari bo‘yicha vakili – Aliya Yunusova, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Indira Holdorova, viloyat Kengashi raisi Islombek Yuldashev, Xiva shahridagi Bolalar shaharchasi hamda Urganch tumanidagi oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilari ishtirok etishdi.

Forum doirasida voyaga yetmagan yoshlar o‘rtasida zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishini oldini olish bo‘yicha bolalar press-klubi sessiyasi tashkil etildi. Mazkur sessiyada Bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova mamlakatimizda bolalar huquqlarining huquqiy kafolatlariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Taʼkidlanishicha, bola huquqlarini taʼminlashga oid O‘zbekiston Respublikasining siyosatini amalga oshirish BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi va inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi boshqa xalqaro huquqiy hujjatlarning qoidalariga asoslanadi, ular 100 dan ortiq qonunlarda va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda amalga oshiriladi, ular orasida Respublika Konstitutsiyasi ustuvor o‘rin tutadi. O‘zbekiston, "Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida"gi va "Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida"gi qonunlar va boshqalar bolalar huquqlariga rioya etilishi va himoya qilinishini taʼminlashning mustahkam huquqiy bazasini va tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yaratgan.

O‘zbekistonda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan, mensimaslik, shafqatsizlik, qo‘pollik, insoniy qadr-qimmatni kamsituvchi muomala, bolalarni haqoratlash yoki ekspluatatsiya qilishdan himoya qilish, milliy meʼyoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, aholi o‘rtasida huquqiy savodxonligini oshirish orqali muhim islohotlar boshlandi. Majburiy bolalar mehnatidan foydalanish tugadi. Ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni, shuningdek, nogiron bolalarni internatlarga joylashtirishni kamaytirish va oldini olish maqsadida bolalarni deinstitutsionalizatsiya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

 Bola huquqlari bo‘yicha vakil o‘z nutqida Davlat rahbari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida “Bolalar ombudsmani to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish zarurligini taʼkidlagani va bu bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda juda ham muhim siyosiy qaror ekanini qayd etdi.

Bola huquqlari bo‘yicha ombudsman institutining taʼsis etilgani bolalar huquqlari va manfaatlarini himoya qilishning muhim mexanizmi hisoblanadi, chunki bola huquqlari bo‘yicha ombudsman bolalar nomidan so‘zlash huquqiga ega bo‘lgan va ayni vaqtda o‘z faoliyatini faqat ularning manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltiradigan mustaqil organdir.

Samimiy muloqot va savol-javob tarzida tashkil qilingan sessiya davomida tarbiyalanuvchilar ko‘plab foydali maʼlumotlarga ega bo‘lishdi.

Forumning madaniy qismida Bolalar shaharchasi tarbiyalanuvchilari tomonidan teatr tomoshalari, go‘zal raqslar va boshqa sahna ko‘rinishlariga boy konsert dasturi ijro etildi. Forumga o‘z ijrolari bilan bayramona va ko‘tarinki kayfiyat baxsh etgan  isteʼdodli bolalar maxsus sertifikat va estalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Forum doirasida Bola huquqlari bo‘yicha vakil bolalar shaharchasida yaratilgan sharoitlar, jumladan zamonaviy moddiy-texnik baza, kutubxona,  sport maydonchalari bilan yaqindan tanishdi.

Kunning ikkinchi yarmida forum mexmonlari Xiva shahridagi Ogahiy ijod maktabiga ham tashrif buyurib, u yerdagi yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishishdi.

Shundan so‘ng ijod maktabida tashkil qilingan Sardorlar xonasida viloyat Sardorlar Kengashi sardorlari, ijod maktabi sardorlari hamda mexmonlar ishtirokida suhbat tashkil qilindi.

Aliya Yunusova sardorlar bilan suhbatda ular bola huquqlarini taʼminlashda Bolalar ombudsmanining yaqin ko‘makchilari hisoblanishi va bir salbiy holatga guvoh bo‘lsalar bu haqda darhol Ombudsmanga xabar berishlari kerakligini tayinladi.  

Birgalikda harakat qilsak, jamiyatda bolaning shaxsiga hurmatni kuchaytirish, jamoatchilik ongi darajasini oshirish, davlat tuzilmalari tomonidan, ota-onalar va ularni o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolaning shaʼni va qadr-qimmati, huquqlari, erkinliklari va qonuniy hamda eng ustun manfaatlarini to‘liq himoya qilinishiga erishamiz.

 Forum doirasida tashkil qilingan loyihalar va uchrashuvlar orqali 200 nafarga yaqin yoshlar qamrab olindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati