Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Qamoqqa olingan shifokor Guljahon Yo‘ldosheva bilan uchrashuv o‘tkazildi
Joriy yilning 3 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) kotibiyati hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining masʼul xodimlari tomonidan Ichki ishlar vazirligining 1-son tergov hibsxonasiga tashrif amalga oshirildi.

Tashrif jarayonida qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilib mazkur hibsxonada saqlab turilgan Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida, G.Yo‘ldosheva koronavirusga chalingan bemor o‘limiga sababchi bo‘lish va 250 mln. so‘m mablag‘ni talon-taroj qilishda ayblanib, dastlabki tergov organlari tomonidan qamoqqa olinganligini, bundan tashqari unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilishiga tergov va suddan yashirinishi mumkinligi ham inobatga olinganligini maʼlum qildi.

Shuningdek, G.Yo‘ldosheva 6 nafar voyaga yetmagan (eng kichik farzandlari 3 va 2 yoshda) farzandi borligini, eng avvalo ona ekanligini, tergov yoki suddan yashirinishga urinmaganligini, shu bilan birga, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi faoliyati yuzasidan tekshiruv va unga nisbatan olib borilayotgan tergov harakatlari bevosita o‘zining ishtirokida, xolisona ko‘rilishini taʼminlashda, o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan ehtiyot chorasini o‘zgartirilishida amaliy yordam so‘radi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi G.Yo‘ldoshevaning qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlari borligini inobatga olib, unga nisbatan qo‘llanilgan ehtiyot chorasini insonparvarlik tamoyili asosida o‘zgartirish bo‘yicha tergov va sud organlariga murojaat qiladi.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombusdman) 

Matbuot xizmati