Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Taraqqiyot strategiyasi inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni qamrab olgan
Inson qadrini yuksaltirish – bu keng qamrovli tushuncha bo‘lib, u barcha yo‘nalishlarda turlicha talqin va yondoshuvlar asosida amalga oshiriladi. Taraqqiyot strategiyasida esa bu vazifa eng avvalo, quyi bo‘g‘in hisoblangan mahallalardan boshlab, jamoatchilik, davlat organlari va Parlament miqyosida bajarilishi belgilanmoqda.

Davlat rahbarining aholi orasidagi muammo va masalalarni mahalladan turib hal etish bo‘yicha tashabbusi, davlat organlari va tashkilotlarining murojaatlar bilan ishlashdagi masʼuliyatini yana-da oshiradi. Mahalladan turib barcha davlat idoralariga murojaat qilish tizimini yaratish, davlat va ijtimoiy xizmatlarni bevosita mahallada ko‘rsatish imkoniyatini joriy etish orqali masalani quyi bo‘g‘inning o‘zida hal etishga erishish mumkin. Bu tizim samarali ishlashi uchun esa murojaatlarni ko‘rib chiqishga oid reyting tizimini elektron tarzda respublika bo‘ylab joriy etilishi maqsadga muvofiq. Bu - baʼzi davlat organlari va idoralardagi murojaatlar bilan ishlaydigan masʼul xodimlar tomonidan murojaatchilarga yuzaki yoki to‘liq asoslantirilmagan javob xatlarini yuborish holatlarini kamaytiradi.

Quvonarli tomoni, ayni jixat, Taraqqiyot strategiyasining “Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yana-da rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish” deya nomlangan birinchi ustuvor yo‘nalishida belgilangan maqsadlarda aks ettirilgan. Unda Davlat organlariga kelib tushgan murojaatlarni jamlovchi markazlashgan tizimni yaratgan holda ularni ko‘rib chiqish muddati va sifati ustidan raqamli nazorat o‘rnatish, aholining kundalik turmush tarziga bevosita taʼsir qiluvchi masalalar bo‘yicha murojaatlar tezkor va sifatli ko‘rib chiqilishini taʼminlash masalasi nazarda tutilgan.

Qayd etish lozimki, inson huquqlari qonun ustuvor bo‘lgan davlatdagina to‘liq taʼminlanishi mumkin. Hozirda dunyoda mamlakatlari xalqaro standartlar va mezonlar asosida inson huquqlarining taʼminlanish holatini kuzatib borishmoqda va o‘zlarida mavjud muammolarni bartaraf etish ustida ishlashmoqda. O‘zbekiston ham ushbu yo‘lda takomillashib bormoqda.

Taraqqiyot strategiyasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsmanning) qator takliflari ham inobatga olingan. Xususan, strategiyaning “Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish” yo‘nalishining 14-maqsadida maxkumlarning mexnat huquqlari himoyasiga oid normalar kiritilishi belgilandi. Shu bilan birga ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga jazoni o‘tash sharoitlarini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish, mehnatga jalb etilgan mahkumlarga koloniyalardagi ish stajini umumiy mehnat stajiga qo‘shib hisoblash tartibini joriy etish kabi vazifalar belgilandi.

Bu mahkumlarning ijtimoiy himoyasi va mehnat huquqlarining taʼminlanishi hamda qiynoqlarni oldini olishdagi muhim qadamlardan sanaladi.

Albatta ushbu vazifalarning amalda ijro etilishi bo‘yicha Ombudsman Milliy preventiv mexanizm doirasida yopiq muassasalarga amalga oshiriladigan monitoring tashriflarida o‘rganishlar olib boradi.

Qayd etish lozimki, 2019 yilda Ombudsman huzurida tashkil etilgan Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm doirasida shu kunga qadar harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga jamoatchilik vakillari bilan birgalikda 350ga yaqin monitoring tashriflari amalga oshirilgan. Monitoringlarda muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash sharoitlari, oziq-ovqat bilan taʼminlanishi, kerakli tibbiy xizmat ko‘rsatilishi, ruxiy yoki jismoniy bosimlarning mavjud va mavjud emasligi o‘rganilmokda. Ushbu monitoringlarda aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha masʼul tashkilotlarga bartaraf etish va choralar ko‘rish bo‘yicha tavsiyalar berilmoqda. Quvonarli tomoni ushbu tavsiyalar inobatga olinmoqda va so‘nggi yillarda penitensiar muassasalardagi sharoitlar xalqaro standartlar darajasiga yetkazilmoqda.

Taraqqiyot strategiyasidagi yana bir muhim vazifalardan biri -  ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoni o‘tab bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi”ni joriy qilish orqali ularning ijtimoiy moslashuvi mexanizmlarini takomillashtirishdir.

Alohida qayd etish lozimki, Harakatlar strategiyasi doirasida ham jazoni o‘tab bo‘lgan fuqarolarning jamiyatiga moslashishda qator samarali ishlar amalga oshirildi. Jumladan 2019 yilda Probatsiya xizmati joriy etilib, ularning asosiy vazifasi sifatida jinoyat ko‘chasiga kirib qolgan shaxsni tarbiyalash, uni jamiyatga, ijtimoiy hayotga moslashtirish belgilandi. Bu borada tegishli vazirlik, davlat idorasi va tashkilotlari ham faol ishladi. Lekin shunga qaramasdan, amaliyotda avval sudlangan shaxslarni ish bilan taʼminlash masalasida ayrim muammolar mavjud. Misol uchun avval sudlangan shaxslarni ishga olish ayrim ish beruvchilarni cho‘chitadi. Natijada esa ularni jamiyatga moslashuv va moddiy taʼminot masalasida kamchiliklar yuzaga keladi. “Dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi”ni berish tizimini joriy etish esa shu kabi masalalarni ijobiy hal etilishiga yordam beradi.

Maʼlumki O‘zbekiston qiynoq holatlarini oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha o‘zining qatʼiy pozitsiyasini belgilab olgan. Albatta bu boradagi ishlar keyingi besh yillikda Taraqqiyot strategiyasi doirasida yangi bosqichga olib chiqiladi. Sababi, unda milliy preventiv mexanizmlarni takomillashtirish va ushbu yo‘nalishda qonunchilik asoslarini takomillashtirish nazarda tutilyapti. Shundan kelib chiqib, kelgusida Ombudsman qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm doirasida harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga tashkil etilayotgan monitoring tashriflari orqali u yerdagi sharoitlarni xalqaro standartlarga moslashtirishga eʼtiborni yana-da kuchaytiradi. Qolaversa, qiynoqqa uchragan shaxslarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish, qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararning kompensatsiya qilinishini taʼminlash hamda uning tartibini ishlab chiqish borasida jadal ishlar olib boriladi. Bu juda muhim. Zero, har qanday jabrlanuvchi qiynoq yoki shafqatsiz muomala uchun tezkor, adolatli va teng kompensatsiya olish huquqiga ega.

 

Feruza ESHMATOVA

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)