Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
O‘zbekistonda olib borilgan gender siyosati inson huquqlari kafolatlanishining muhim mezoni
Bosh qomusimiz hisoblanmish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida xar ikkala jins egalarining tengligi kafolatlangan. Yurtimizda yil sayin yuqori lavozimlarda ishlovchi ayollar soni ortib bormoqda, bu borada 2019 yilning 2 sentyabr kuni Davlatimiz rahbari tomonidan Harakatlar strategiyasi doirasida bu borada muhim qadam bo‘ldi. Yaʼni O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunni imzolanib, gender tenglikni taʼminlash masalasiga davlat siyosati darajasida qaralmoqda. Mazkur qonuniga asosan ushbu sohadagi davlat boshqaruvi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni taʼminlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, shuningdek davlat organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida amalga oshirilishi belgilandi. Shuningdek, xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida haqiqiy tenglikka erishish, jamiyat hayotining barcha sohalarida ularning ishtirokini kengaytirish, jins bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitishni bartaraf etish hamda ularning oldini olish maqsadida davlat tomonidan gender siyosati amalga oshirilishini taʼminlashga doir vaqtinchalik maxsus choralar ko‘rilishi nazarda tutildi.

Inson huquqlarining poymol etilishiga qarshi yana bir muhim qadam sifatida Davlat rahbarining 2019 yil 7 martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yana-da kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur hujjat bilan jamiyatda ayollarni xo‘rlash va qadrsizlanishlariga qarshi murosasizlik muhitini yaratish vazifasi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.

Aslida gender tenglik, yaʼni erkaklar va xotin-qizlar tengligi insonning asosiy huquqlaridan biri hisoblanadi. So‘nggi tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bu omil eng yuqori darajadagi iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy taraqqiyotning ham negizidir. Chunki mutaxassislarning fikricha, faqat erkaklardan iborat jamoaga nisbatan 50/50 foiz erkak va ayollardan iborat mehnat jamoalari, ayniqsa agar ular aqliy mehnat bilan band bo‘lsa, bir necha barobar yuqoriroq natija ko‘rsatar ekan. Qolaversa gender tenglik – bu mamlakatning demokratik taraqqiyot darajasini ko‘rsatuvchi indikator. Demak, rivojlangan mamlakatlar qatoriga qo‘shilish, yurtimizga tobora ko‘proq investitsiyalar jalb qilish uchun ham shu indikatorga yetarlicha ahamiyat berishimiz kerak.

Bu borada doimiy, ko‘lamdor va salmoqli natijalarga erishish uchun esa umumiy reja ko‘rinishidagi hujjat, oddiy til bilan aytganda, dasturul amal kerak. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizda aynan shu hujjat – 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi.

Ushbu tarixiy hujjat O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan mamlakatni rivojlantirishning ustuvor vazifalari, hamda 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlar va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan. Unda gender tenglikni taʼminlashning asosiy tamoyillari qatorida qonuniylik, demokratiya, ochiqlik va oshkoralik prinsiplari belgilangan.  Irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar xotin-qizlar va erkaklarning haqiqiy tengligini taʼminlashga qaratilgan mazkur hujjat tez orada jamoatchilik eʼtiboriga havola qilinib, u bo‘yicha keng muhokamalar o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Taʼkidlash joizki, bugungi kunda turli darajadagi davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1500 nafardan ortiq, shu jumladan vazirlik va idoralarda, mahalliy ijroiya hokimiyati organlarida xotin-qizlar rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda. Davlat boshqaruvida xotin-qizlar ishtirokini oshirish maqsadida 6 mingdan ziyod faol xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi shakllantirildi. Hozirgi kunda ularni turli rahbarlik lavozimlariga tayyorlash bo‘yicha tizimli o‘quvlar tashkil etilmoqda Ichki ishlar vazirligi tizimida 16 nafar ayol rahbarlik, 6 nafar ayol hokimlik lavozimini egalladi. Turli darajadagi davlat mukofoti sovrindorlari bo‘lgan xotin-qizlar soni 2 ming 224 nafarga yetdi. Bugungi kunga qadar 577 nafar ayol “Moʻtabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston tarixida birinchi marta milliy parlamentda xotin-qizlar soni Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetdi. Mamlakatimiz parlamenti xotin-qizlar soni bo‘yicha dunyodagi 190 ta milliy parlament o‘rtasida 37-o‘ringa ko‘tarildi. Mamlakatimizda tadbirkor va fermer xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash borasida qo‘shimcha kafolatlar berildi.

Katta kompaniyalar va nodavlat tashkilotlar xodimlarining umumiy sonidagi xotin-qizlar ulushida deyarli to‘liq gender tenglik taʼminlangan bo‘lib, 2019 yilda ko‘rsatkichlar 49,5 foizga yetdi. Shuningdek, mamlakatimizda mavjud bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarining 20 foizdan ortig‘iga xotin-qizlar rahbarlik qilmoqda.

 Shu bilan bir qatorda, Strategiyada taʼkidlab o‘tilganidek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida mamlakatimizda “O‘zbekistonning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalari” qabul qilingan. O‘zbekistonning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi 5-maqsad – “Gender tenglikni taʼminlash hamda barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish”dir. Bu esa, o‘z navbatida, iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy va boshqa choralarni qamrab oladi. Ushbu vazifalarni bajarish uchun barcha davlat organlari va tashkilotlari, muassasalari, shuningdek davlat ahamiyatidagi jamoat tashkilotlari masʼul.

Shu bilan birga, xotin-qizlarning davlat va jamiyat qurilishidagi ishtirokini kengaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy, taʼlim, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda eʼtiborni kuchaytirish talab etiladigan masalalar mavjud. Jumladan, xotin-qizlarning erkaklar bilan teng darajada davlat va jamiyat boshqaruviga oid dolzarb masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishda ishtirokini kengaytirishni taʼminlash lozim.

Shu nuqtai nazardan, Gender tenglika erishish Strategiyasiga asosan, uzoq istiqboldagi maqsadli vazifalardan kelib chiqib, gender tenglikka erishish bir qator ustuvor yo‘nalishlarda amalga oshiriladi. Davlat xizmatida, ijtimoiy-iqtisodiy, oilaviy munosabatlar hamda bolalar tarbiyasi sohasida, saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash shular jumlasidan.  Shuningdek, strategiyada gender tenglikni taʼminlash tadbirlarini hisobga olgan holda davlat dasturlarini byudjetlashtirish va moliyalashtirish har ko‘zda tutilgan.

Gender strategiyasini amalga oshirishdan salmoqli natijalarga erishish kutilmoqda. Xususan, yuqori va quyi tizimdagi davlat organlarining rahbarlik lavozimlariga xotin-qizlarni tayinlash amaliyotini kengayadi. Gender nomutanosiblik mavjud bo‘lgan davlat organlarida vaqtinchalik kvotalash tizimini joriy qilish orqali xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi mutanosiblik taʼminlanadi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan, ayniqsa qishloq joylaridagi oilalardagi xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarning samaradorligini oshirish, shuningdek o‘zini o‘zi band qilishga erishiladi. Eng asosiysi – xotin-qizlarga nisbatan ish joylaridagi tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldi olinib, jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan shakllangan salbiy qarashlarga barham beriladi. Bu – kutilayotgan natijalarning bir qismi, xolos. Mazkur Strategiyaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi barcha hamkorlar va turli darajadagi masʼullarning faolligini talab qiladi. Belgilangan davrda Strategiya maqsadlariga erishish avvalo mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy taraqqiyotini jadallashtirish, demakki xalq farovonligini yuksaltirishga, jamiyatdagi ko‘plab muammolarni hal qilishga, kundalik hayotimizning yana-da yaxshi tomonga o‘zgarishiga xizmat qiladi.

Feruza Eshmatova,

Oliy Majlisning Inson  huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)